Talabalar uchun yangi stipendiya joriy etiladi
Bu yil 14 ta maktabda pedagog kasbiga qiziqqan 10-11-sinf o‘quvchilari uchun alohida sinflar tashkil etildi.
Kelgusi o‘quv yilidan yana 60 ta maktabda, jumladan, 10 ta ixtisoslashgan maktabda bu tajriba joriy qilinadi.
Kelajakda ushbu sinflarni tamomlagan o‘quvchilar shu yo‘nalishdagi oliygohlarga kirsa, ularga 2-kursdan maktabga borib kasbiy mahoratini oshirishi uchun imkoniyat yaratiladi. Alohida qobiliyatga ega talabalarga dars o‘tgani uchun oylik ham to‘lanadi.
Prezidentimiz pedagogika yo‘nalishidagi oliygohlarda tahsil olayotgan iqtidorli talabalar uchun Abdulla Avloniy nomidagi stipendiyani tashkil etishni taklif qildi.
Sifatli ta’limning ajralmas qismi bo‘lgan tarbiya va odob-axloq jarayonlari zamonaviy yondashuv asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Shu maqsadda Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti yangidan tashkil etildi.
Ushbu institutning tarbiya sohasidagi milliy an’analarni o‘rganish, tiklash va zamonaviy ma’naviy-axloqiy tarbiya tizimini joriy qilish yo‘nalishidagi faoliyatini yanada kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Yoshlarimizda g‘oyaviy immunitetni shakllantirishda kattalar ham ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lishi, bolalarimizga ijobiy ta’sir ko‘rsatishlari kerakligi ta’kidlandi.
Mutasaddilarga ota-onalar, o‘qituvchilar va o‘quvchilar uchun tarbiyaga oid raqamli kontent yaratish topshirildi.
Ushbu kontent “Milliy tarbiya” elektron platformasiga va yetakchi ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilib, doimo yangilab boriladi.