Marsga yuborilgan birinchi odamlar orqaga qaytmaydi – Mask

Marsga yuborilgan birinchi odamlar orqaga qaytmaydi – Mask

Ilon Mask Mars sayyorasini kolonizasiya qilish jarayoni haqidagi rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda u Texas shtatidagi SpaceX bazasida o‘tkazilgan taqdimot chog‘ida gapirdi.

«Bu faqat bir tomonga mo‘ljallangan chipta», – dedi u.

SpaceX asoschisi Ilon Mask Marsga boradigan birinchi odamlar hech qachon Yerga qaytmasligini tasdiqladi. Milliarder o‘z kompaniyasi uzoq vaqtdan beri Marsga bir million odamni yuborish rejasini ishlab chiqayotganini aytdi.

Mask so‘zlariga ko‘ra, Qizil sayyorani o‘zlashtirish jarayoni Starship kemalari qismlaridan foydalanishga asoslanadi. Ya’ni, Marsga yuboriladigan birinchi transport vositalari Yerga qaytmaydi.

«Bu kemalar Marsda odamlar uchun foydali bo‘ladi. Starship qismlaridan qimmatbaho materiallarni olish uchun foydalanish mumkin. Bu kemalar qaytarilmaydi, balki ulardan xomashyo manbai sifatida foydalaniladi. Albatta, keyinchalik baribir qaytib keladigan qurilmalar ishga tushiriladi. Biz odamlarga qaytib kelish imkoniyatini berishimiz kerak, chunki kimdir buni qilishni xohlaydi. Lekin menimcha, Marsga boradigan ko‘pchilik hech qachon Yerga qaytmaydi», – dedi Ilon Mask.

Ilon Mask Starship yordamida ertami-kechmi insoniyatni multiplanetar turga aylantirish mumkinligiga umid qilmoqda. Bu haqda faqat Marsdagi inson koloniyasi Yer yordamisiz mustaqil ravishda yashab keta olsagina gapirish mumkin. Buning uchun Qizil sayyoraga bir millionga yaqin odamni, shuningdek, bir necha million tonna yukni yetkazish kerak bo‘ladi.

SpaceX yaratuvchisi bu missiyada hozir parvoz sinovlaridan o‘tayotgan Starship kemasiga alohida rol yuklamoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!