Marhumning ortidan qilingan amal unga yetadimi?

Marhumning ortidan qilingan amal unga yetadimi?

Tiriklarning duo va sadaqalaridan marhumlarga manfaat bor.

Sharh: Ahli sunnat va jamoa marhumlar tiriklardan ikki yo‘l bilan manfaat olishlariga, ittifoq qilgan.

Birinchisi: Marhum tirikligida qilgan amalidan manfaat (ya’ni, bandaga u tiriklik chog‘ida oxirati uchun qilgan ishlari, vafotidan keyin o‘ziga manfaat yetishiga sabab bo‘ladi).

Ikkinchisi: Musulmonlarning uning haqiga qilgan duolari va aytgan istig‘forlari. Uning nomidan qilingan sadaqalari va hajlari.

Badaniy ibodatning savobi marhumga yetadimi, yo‘qmi, degan masalada ixtilof bo‘lgan. Badaniy ibodat – ro‘za, namoz, Qur’on qiroati va zikrga o‘xshagan narsalardan iborat.

Abu Haniyfa, Ahmad ibn Hanbal va jumhur (ko‘pchilik) badaniy ibodatning savobi marhumga yetadi, deganlar.

Shofe’iy mazhabi va Molik yetmaydi, deydilar.

Marhumga o‘zidan boshqaning amalidan savobi yetishiga dalil, Qur’onda, Sunnatda, Ijmo’da va Qiyosda bor:

1) Qur’ondan dalil:

«Ulardan keyin kelganlar: «Ey Robbimiz, bizni va bizdan oldin iymon bilan o‘tgan birodorlarimizni mag‘firat qilgin» derlar». («Xashr» surasi, 10-oyat)

Alloh taolo ushbu oyatda o‘zlaridan oldin o‘tgan mo‘minlarga mag‘firat so‘raganlarni madh qilmoqda. Bu esa marhumlar tiriklarning istig‘foridan manfaat olishiga dalolatdir.

2) Sunnatdan dalil:

Imom Abu Dovudning «Sunan» kitobida Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan quyidagi hadis rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam mayyitni dafn qilib bo‘lganidan keyin ustida turib: «Birodaringizga istig‘for aytinglar. Unga sobitlik so‘ranglar. Chunki, u hozir so‘roq qilinadi, der edilar».

Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan marhumlarning qabrlarini ziyorat qilgan vaqtda duo qilish haqida hadislar kelgan. Imom Muslimning «Sahih» kitoblarida kelgan hadis bunga yaqqol misoldir: «Oisha onamiz roziyallohu anho Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan: «Qabr ahllariga istig‘for aytsangiz nima deysiz?» deb so‘rdilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Assalomu alaykum, ey mo‘min va musulmonlar diyori ahli. Alloh bizdan va sizdan oldin o‘tganlarniyu, keyin qolganlarni rahm qilsin. Va albatta, biz ham sizlarga kelib qo‘shilamiz» deb javob berganlar.

3) Ijmo’dan dalil:

Islom ummatining e’tiborli asosiy qismi jam bo‘lib, marhumga janoza namozidagi duoni dalil qilib, mayyit tiriklarning duosidan manfaat oladi, deganlar. Janoza namozidagi duolar ma’lum va mashhurdir. Ular o‘z ahli bilandir.

4) Qiyosdan dalil:

Badaniy ibodat bo‘lmish duo marhumga manfaat bergandan keyin ro‘za, namoz kabi boshqa badaniy ibodatlar ham manfaat berishi turgan gap. Chunki, orada farq yo‘q. Buning ustiga boshqa badaniy ibodatlar ham manfaat berishi haqida hujjat va dalillar bor.

Sadaqadan savobning yetishiga dalil:

1) «Bir kishi Rasululoh sollallohu alayhi vasallamdan: «Ey Allohning Rasuli, onam to‘satdan vafot etdi. O‘ylaymanki, agar gapirsa sadaqa qilar edi. Uning nomidan sadaqa qilsam, unga ajr-savob bo‘ladimi?» deb so‘radi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Ha!» deb javob berdilar. (Buxoriy va Muslim Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilganlar).

2) «Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan: «Ey Allohning Rasuli, onam, mening yo‘qligimda vafot etdi. U kishining nomidan sadaqa qilsam u kishiga manfaat beradimi?» deb so‘raganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ha» deb javob berdilar. Shunda Sa’d roziyallohu anhu: «Sizni guvoh qilamanki, hosildor bog‘im u kishining nomidan sadaqa», dedi. (Buxoriy Ibn Abbosdan rivoyat qilgan).

Ro‘zadan savobning yetishiga dalil: 

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Kim vafot etsayu zimmasida ro‘za tutish bo‘lsa, uning nomidan valiysi ro‘za tutadi» deganlar. (Buxoriy va Muslim rivoyat qilganlar).

Hajdan savobning yetishiga dalil: 

Sahih Buxoriyda Ibn Abbosdan rivoyat qilingan hadisda quyidagilar aytiladi: «Juhayna qabilasidan bir ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Onam haj qilishni nazr qilgan edi. Haj qilmasdan vafot etib qoldi. U kishining nomidan Haj qilsam bo‘ladimi?» dedi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Uning nomidan haj qil. Ayt-chi, onangning qarzi bo‘lganida ado qilarmiding? Allohning qarzini ham ado qilinglar. Alloh vafo qilishga haqlidir» dedilar.

Shuningdek, musulmonlar, marhumning qarzini boshqa birov, hatto begona odam ham to‘lasa uning zimmasidagi qarz soqit bo‘lishiga ijmo’ qilishgan.

Buning dalili Abu Qatoda roziyallohu anhu bir marhumning ikki dinor qarzini o‘z bo‘yniga olgan. Keyin o‘sha ikki dinorni haqdorga berganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Endi (o‘lganning) terisi sovudi» deganlar (al-Hokim rivoyat qilgan).

Xuddi ro‘za va hajning savobi yetganidek, haq olmasdan, xolisona Qur’on qiroat qilib savobi o‘lganga bag‘ishlansa, uning savobi ham yetadi.

Agar: «Bu ish o‘tganlar ichida ma’lum bo‘lmagan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham bunga irshod qilmaganlar», degan e’tiroz bo‘lsa, javob shulki:

Agar, e’tiroz qiluvchi haj, ro‘za va duodan savob yetishini e’tirof qilsa, bular bilan Qur’on qiroati savobining yetishi orasida nima farq bor? O‘tganlarning qilmagani savobning yetmasligiga dalil emas, deyiladi.

Agar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshqaning nomidan ro‘za, namoz, haj va sadaqa ado qilishga irshod qilganlar. Qiroatga esa irshod qilmaganlar, degan e’tiroz bo‘lsa.

Javob quyidagicha: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sababsiz, avval boshdan irshod qilganlarida qiroatning savobi yetmasligiga dalil bo‘lishi mumkin edi. Haqiqatda esa, undoq bo‘lmagan. Odamlar marhum nomidan ro‘za tutish, haj qilish haqida so‘rab kelishganda izn berganlar. Bu esa, boshqa narsalar man qilingan, degani emas. (Agar biron kishi Qur’on qiroati haqida so‘raganida izn bergan bo‘lur edilar).

Qiroat savobini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bag‘ishlashga kelsak. Mutaaxxir ulamolardan ba’zilari bu ishni mustahab, deganlar, ba’zilari, bid’at, deganlar. Chunki, sahobalar bundoq qilmaganlar va o‘zi shundoq ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga u kishining ummatlaridan har birining yaxshi amali savobi, qiroati Qur’onmi, boshqami yetib turadi. Chunki, U zot ummatlarini yaxshi ishlarga dalolat va irshod qilganlar.

Marhum Qur’on qiroatini eshitsa manfaat oladi, degan gap to‘g‘ri emas. Bu gapni birorta ham mashhur imom aytmagan. Marhum qiroatni eshitishi mumkin. Ammo, eshitib, manfaat olishi sobit emas. Bu narsa hayot vaqtida bo‘lishi shart. Chunki, bu ixtiyoriy ishdir va o‘limi bilan kesilgandir.

Balki, zararlanishi, alam chekishi mukin. Allohning amrida yurmagani, qaytarganidan qaytmagani va yaxshi amallarni ko‘proq qilmagani uchun nadomat qilishi mumkin.

Bilingki, Qur’on qiroatining savobini bag‘ishlash uchun marosim uyushtirish, juz’larni bo‘lib berish, jamoat bo‘lib ovoz chiqarib duo qilish kabi odat bo‘lib qolgan narsalar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam, sahobalar, tobe’iynlar, taba tobe’iynlar va mujtahid ulamolarning birortasidan ham sobit bo‘lmagan. Marhumning nomidan ro‘za tutish, haj va sadaqa qilishning ma’lum shakli bo‘lmaganidek, Qur’on qiroatining ham ma’lum shakli yoki shart-sharoiti yo‘q. Marhumga savob bo‘lishini xohlagan odam o‘zi tilovat qilib, duo ila savobini bag‘ishlab qo‘yaveradi.

Ammo, Qur’on tilovot qilib savobini mayyitga bag‘ishlash uchun birovni yollash kabi ishni o‘tgan azizlardan hech kim qilmagan. Ulamolarimizdan birortalari bu ishga amr qilmaganlar, ruxsat ham bermaganlar. Savobning yetishi, amal Alloh uchun xolis bo‘lgandagina bo‘ladi. Ajr-haq olish uchun yollangan odamning qiroati esa xolisona emas. Shuning uchun undan savob ham hosil bo‘lmaydiki, mayyitga bag‘ishlasa.

Savobni bag‘ishlash haqida ahli bid’atning mazhabi

Ba’zi bir ahli bid’atlar, marhumga na duoning, va na boshqa narsaning savobi yetmaydi, deganlar. Ularning bu gaplari yuqorida Qur’on va sunnatdan keltirilgan dalillar ila marduddir.

Ahli bid’atning dalillari:

1) «Va inson uchun faqat o‘zi sa’y (harakat) qilganidan boshqa narsa yo‘q». («Najm surasi», 39-oyat)

2) «Faqatgina o‘zingiz qilib o‘tgan amallar bilan jazolanursiz». («Yosin» surasi, 54-oyat)

3) «U (jon) foydasiga kasb qilgan narsasi va U (jon) zarariga kasb qilgan narsasi». («Baqara surasi», 286-oyat)

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

«Vaqtiki, odam bolasi o‘lsa, uning uch narsadan boshqa amali kesiladi: Sadaqai joriya, unga duo qiladigan solih farzand va undan keyin manfaat olinib turiladigan ilm!» deganlar. (Muslim rivoyat qilgan).

Ahli bid’atning dalillariga javob: 

1) Ularning «Va inson uchun faqat o‘zi sa’y (harakat) qilganidan boshqa narsa yo‘q», «Najm» surasi, 39-oyati haqida aytgan gaplariga javob shulki, avvalo, inson o‘z sa’y-harakati bilan do‘stlar, farzand orttiradi, uylanadi, yaxshiliklar qiladi, rahmat so‘rab duo qilsalar, sa’y-harakatidan bo‘lmay nimadan bo‘ladi?

Shuningdek, Qur’on odam o‘zidan boshqaning sa’yidan manfaat olmaydi, degani yo‘q. Qur’on odam o‘zidan boshqaning sa’yiga ega bo‘lmaydi, demoqda. Bu ikki ish orasida, ya’ni, insonning o‘zidan boshqaning sa’yidan manfaat olmasligi bilan ega bo‘lmasligi orasidagi farq maxfiy emas, ochiq-oydindir. Alloh taolo inson faqat o‘z sa’yiga ega ekanligi, boshqaning sa’yiga, o‘sha boshqaning o‘zi ega bo‘lishi haqida xabar berdi. O‘zi ega bo‘lgan narsani esa, xohlasa o‘ziga olib qoladi, xohlasa boshqaga beradi.

Ushbu oyatni o‘zidan oldingisi bilan bog‘lash ham bizning javobimizni quvvatlaydi. Chunki, oldingi oyatda: «Bir jon boshqasining og‘irligini ko‘tarmaydi», deyilgan. Bu esa, Alloh taolo hech kimni boshqa birovning aybi tufayli iqob qilmasligini, bu dunyoning podshohlariga o‘xshab birovning ma’siyati uchun boshqani jazolamasligini taqozo qiladi. Ikkinchidan, har bir kishi birovning amali bilan emas, faqat o‘z amali ila najot topishini taqozo qiladi. Shundoq bo‘lgandagina insonning ota-bobolari, o‘tganlari va mashoyixlari amali ila najot topish haqidagi xom xayoli kesiladi.

2) Shuningdek «U (jon) foydasiga kasb qilgan narsasi va U (jon) zarariga kasb qilgan narsasi», «Baqara» surasi, 286-oyatining ma’nosi ham avvalgi oyatning ma’nosiga o‘xshaydi. Har bir shaxs o‘z kasbining egasi, birov kasbining egasi emasdir. Har bir shaxs o‘z ma’siyati tufayli iqob qilinur, boshqaning ma’siyati tufayli emas.

3) Endi «Faqatgina o‘zingiz qilib o‘tgan amallar bilan jazolanursiz», «Yosin» surasi, 54-oyati siyoqiga to‘liq qaraydigan bo‘lsak: «Bugungi kunda biror jonga hech zulm qilinmas. Faqatgina o‘zingiz qilib o‘tgan amallar bilan jazolanursiz», deyilgan. Ya’ni, bir bandaning boshqa birovning qilgan amali tufayli jazoga tortilmasligi ta’kidlanmoqda. Boshqaning amalidan manfaat olishi emas.

Odam bolasi o‘lsa undan amali kesilish haqidagi hadisga kelsak. Bu hadisning dalil qilib keltirishning o‘zi noto‘g‘ri. Chunki, unda «amal kesiladi» deyilgan, «manfaatlanishi kesiladi», deyilmagan. Har bir amalga uni qiluvchisi egadir. Xohlasa o‘ziga oladi, xohlasa o‘zgaga bag‘ishlaydi.

Manba: islom.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!