Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan pedagoglar va tarbiyalanuvchilar uchun qancha o‘quv-metodik hamda didaktik materiallar chop etilgani ma’lum qilindi
![Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan pedagoglar va tarbiyalanuvchilar uchun qancha o‘quv-metodik hamda didaktik materiallar chop etilgani ma’lum qilindi Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan pedagoglar va tarbiyalanuvchilar uchun qancha o‘quv-metodik hamda didaktik materiallar chop etilgani ma’lum qilindi](/photos/news/KjTggmVJvG5og60.jpeg)
Ilmiy kuzatish va tadqiqotlar inson o‘z umri davomida oladigan barcha ma’lumotning 70 foizini 5 yoshgacha bo‘lgan davrda faol qabul qilishini, bolaning ongi, asosan, 5 - 7 yoshda shakllanishini ko‘rsatgan. Bu esa jamiyatga kirib kelayotgan shaxsning ma’naviy-ruhiy olami, dunyoqarashi, bilimu salohiyati uning maktab yoshigacha bo‘lgan yillarda olgan ta’lim-tarbiyasiga uzviy bog‘liqligidan dalolat beradi.
Shundan kelib chiqib, aytish mumkinki, bola kamolotining ilk kurtaklari nafaqat oilada, balki maktabgacha ta’lim tashkilotlarida namoyon bo‘ladi. Ushbu tashkilotlarda ta’lim-tarbiyaviy ishlar sifati hamda samaradorligi, ularda yaratilgan zamonaviy imkoniyat va sog‘lom muhit murg‘ak farzandlarimiz taqdirida g‘oyat muhim o‘rin egallaydi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotining davlat o‘quv dasturi O‘zbekiston Respublikasining ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarni rivojlanishiga qo‘yiladigan Davlat talablariga muvofiq ishlab chiqilgan me’yoriy-huquqiy hujjat bo‘lib, unda maktabgacha ta’lim tashkilotining maqsad va vazifalari, o‘quv-tarbiyaviy faoliyatining asosiy g‘oyalari ifodalangan, shuningdek, bolani ta’limning keyingi bosqichiga o‘tishidagi asosiy kompetensiyalari belgilangan. Xuddi shu maqsadlarni samarali amalga oshirish yo‘lida vazirlik o‘z tashabbusi bilan maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun o‘quv-metodik va didaktik adabiyotlar tayyorlashni takomillashtirish bo‘yicha mexanizmlarni joriy etdi.
2021 yilda Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan pedagoglar uchun bolalar davomatini qayd etish daftari, «Ish daftari», shuningdek, bolajonlar uchun o‘zbek ertaklari va she’rlari to‘plamlari ham nashr ettirildi.
Xususan, nashr etilayotgan metodik adabiyotlar va qo‘llanmalar soni quyidagicha:
- Pedagoglar uchun bolalar davomatini qayd etish daftari (tabel, filtr patronaj) – 48 811 ta;
- Pedagoglar uchun “Ish daftari” komplekt 5 kitobdan iborat – 6149 ta;
- Panoramali ertaklar (komplekt 6 kitobdan iborat) – 6 149 ta;
- Pedagogik qo‘llanma va didaktik materiallar – 25 000 ta (rus va o‘zbek tillarda);
- Musiqa pedagoglar uchun qo‘llanma – 6149 ta.
Ushbu davrda vazirlik tomonidan 3 dona o‘zbek xalq ertaklaridan iborat to‘plam ham 20 000 nusxada chop etilib, bolajonlarga yetkazilgan.
Xususan, kichik guruh bolalari uchun ta’limiy, rangli-bezakli badiiy “Qizil gul” kitobi bosmadan chiqqan. “Oq gul” kitobi esa o‘rta guruh bolalari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ta’limiy, rangli-bezakli badiiy asarlar to‘plami hisoblanadi. Shuningdek, hozirda “Sariq gul” kitobini katta guruh bolalari sevib mutolaa qilishmoqda. Maktabga tayyorlov guruhi bolalari “Moviy gul” kitobidan foydalanishmoqda. Natijada bolalarda kitobga bo‘lgan qiziqish ortib, kelgusidan kitobxonlik darajasi oshishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarini yuqori sifatli o‘quv didaktik materiallari bilan ta’minlanish darajasiga ham e’tibor qaratsak:
- “Lulliya aylanalari” didaktik to‘plami - 10 000 ta;
- 3-7 yoshli bolalar uchun diqqatni jamlash va mantiqiy fikrlar uchun rivojlanish soati - 20 000 ta;
- 40 ta to‘plamdan iborat bo‘lgan Elementar matematik tasavvurlarini va bilimlarini rivojlantirish bo‘yicha didaktik o‘yinlar va masalalar to‘plami – 20 000 ta (rus va o‘zbek tillarda);
- Ko‘rgazmali didaktik plakatlar to‘plami;
- 45 ta plakatdan iborat to‘plam - 10 000 ta (rus va o‘zbek tillarda);
- Markazlarda faoliyatni tashkil etish uchun didaktik kartochkalar to‘plami. To‘plam 376 ta kartochkadan iborat - 10 000 ta (rus va o‘zbek tillarda);
- Nutqni rivojlantirish uchun mo‘ljallangan figuralar va maskalar to‘plami;
- Stol teatri - 6 149 ta;
- “Ko‘ngilochar” Geometrik tushunchalarni hosil qilish va logikani rivojlantirishga qaratilgan grafomatorika bo‘yicha didaktik to‘plam 3-7 yoshli bolalar uchun – 6 149 ta;
- Tayyorlov guruhlari tarbiyalanuvchilarining ish daftarlari - 466032 ta;
- Tarbiyalanuvchilar uchun matematika daftari – 466032 ta;
- 6-7 yoshli bolalar uchun ingliz tili daftari – 466032 ta nusxada nashr ettirilmoqda.
Eng quvonarlisi yuqorida nomlari keltirilgan didaktik materiallarning barchasi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun mutlaqo bepul tarqatilmoqda. Albatta ushbu didaktik materiallar kelajak avlodning mustahkam bilim egasi bo‘lib kamol topishi yo‘lida olib borilayotganligi ezgu maqsad bo‘lib o‘z samarasini berishi shubhasizdir.
Maktabgacha ta’lim vazirligi Axborot xizmati