“Hizbulloh” isroilga muhlat berdi

“Hizbulloh” guruhi rahbari Naim Qosim isroil qo‘shinlari 18 fevralgacha Livan hududidan to‘liq chiqib ketishi kerakligini aytdi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.
U Livan janubidagi har qanday postda isroil harbiy ishtirokini saqlab qolish uchun “hech qanday bahona” yo‘qligini ma’lum qildi.
Noyabr oyida AQSh vositachiligida tuzilgan sulhga ko‘ra, isroil qo‘shinlariga Livan janubidan chiqib ketish uchun 60 kun berilgan. Keyinchalik bu muddat 18 fevralgacha uzaytirilgan, biroq isroil harbiylari Livan janubidagi beshta postda qo‘shinlarni ushlab turishni so‘ragan.
isroil 18 fevralda to‘liq chiqib ketishi shart. Hech qanday bahona yoki boshqa tafsilotlar kerak emas... bu kelishuv shunday, degan Naim Qosim.
U 18 fevraldan keyin Livan tuprog‘ida isroilning har qanday harbiy ishtiroki bosqinchi kuch sifatida baholanishini qayd etgan.
Qosimning bayonoti efirga uzatilayotganida sionist harbiy-havo kuchlari “Hizbulloh” harbiy ob’ektlariga zarba bergani aytilmoqda.