Yana bir «o‘lik» oligarxning villasini kim sotib oldi?

Mayamida 2022 yil dekabr oyida Fransiyaning Antib shahrida sirli holatda vafot etgan rossiyalik oligarx Dmitriy Zelenovning hashamatli villasi sotuvga qo‘yildi.
Londondagi Daily Mail gazetasining xabar berishicha, villani Florida shtatining janubida ko‘chmas mulk xarid qilish bilan shug‘ullanuvchi uncha taniqli bo‘lmagan Swezy’s Centennial Management Corp. kompaniyasi sotib olgan. Bitim summasi 14 million 820 ming dollarni tashkil etdi.
Sotilgan 7137 kvadrat futlik qasr rossiyalik oligarxga tegishli bo‘lgan ulkan ko‘chmas mulk portfelining "durdonalari"dan biri edi. Zelenov Moskvada, Fransiya Alplarida, Florida va Nyu-Jersida elita ko‘chmas mulklariga egalik qilgan.
Floridadagi uyni Zelenov 2007 yilda ishonch boshqaruvi orqali sotib olgan va buning uchun 7,45 million dollar to‘lagan. Sohilga ochilgan manzarali ko‘rinish, hashamatli ichki bezaklar, fransuz uslubidagi derazalar, nafis karnizlar, sayqallangan Karrar marmar pollari, bir nechta hovuzlar, ravoqli eshik o‘yiqlari hamda har bir xonani to‘q qizil va bej ranglardagi noyob mebellar bilan jihozlangani tufayli, bu qo‘rg‘on Mayamidagi eng dabdabali uylardan biri hisoblanardi.
O‘n to‘rt yil o‘tgach, 2021 yilda u 18,5 million dollarga sotuvga qo‘yildi, biroq keyinchalik narxi 15,9 million dollargacha pasaytirildi.
50 yoshida vafot etgan Zelenov uzoq vaqt davomida Rossiyadagi eng yirik qurilish kompaniyalaridan biri hisoblangan Don-Stroy firmasining egasi edi. Xususan, ushbu firma Moskvada elita va baland turar-joy majmualarini qurishda peshqadamlik qilgan. Bir necha yil davomida Zelenov Forbes’ning rossiyalik milliarderlar ro‘yxatiga kiritilgan, biroq 2008 yildagi moliyaviy inqirozdan so‘ng u hamkori bilan birga kompaniyani kreditorlarga topshirishga majbur bo‘lgan.
2022 yil dekabr oyida Zelenov do‘stlari bilan Antibdagi hashamatli restoranlarning birida ziyofatda bo‘lgan. Fransuz ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, restorandan chiqqan oligarx zinadan yiqilib, boshi bilan urilgan, hushini yo‘qotgan va kasalxonaga yotqizilgan.
Ertasi kuni shifokorlar uning vafot etganini tasdiqlashdi.
Rossiya hokimiyati bilan yaqin aloqada bo‘lgan Baza telegram-kanali ma’lumotlariga ko‘ra, Dmitriy Zelenov vafotidan oldin qon tomirlari operasiyasini o‘tkazgan, biroq bu ma’lumot hech qachon tasdiqlanmadi.
Eslatib o‘tamizki, 2022 yil fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan so‘ng, rossiyalik milliarderlarning sirli o‘limlari shunchalik tez-tez sodir bo‘ladigan hodisaga aylandiki, u jinoiy muxbirlar lug‘atiga "to‘satdan rus o‘limi sindromi" nomi bilan kirdi.
Ta’kidlash joizki, Dmitriy Zelenov rafiqasi Natalya va to‘rt nafar farzandini qoldirdi.