G‘azodagi ahvol: "Chodirlar yomg‘ir va oqava suvlar bilan to‘lib ketgan. Biz kanalizasiya suviga botib qolganmiz. Bolalarimiz kasal bo‘lyapti"

Isroil boshpanalar olib kirishni to‘sib qo‘ygani sababli G‘azo aholisi suv bosgan chodirlarda azob chekmoqda. 15 oylik urushdan so‘ng va binolarning 70 foizi vayron bo‘lgach, G‘azo tinch aholisining boradigan joyi yo‘q - vaziyat esa tobora og‘irlashmoqda.
O‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi doirasida Isroil 60 mingta ko‘chma uy va 200 mingta chodirni G‘azo sektoriga kiritishga rozi bo‘lgan edi. Hozircha faqat 20 ming chodir yetkazib berilgan, vaqtinchalik uylarning birortasi ham G‘azoga kiritilmagan.
"Chodirlar yomg‘ir va oqava suvlar bilan to‘lib ketgan. Biz kanalizasiya suviga botib qolganmiz. Bolalarimiz kasal bo‘lyapti. Bu tayyor uylar ko‘plab muammolarimizni hal qilardi," - dedi G‘azo shimolidagi Shujayea mahallasida yashovchi Umm Muhammad Selemi. U yerdagi odamlar Isroil armiyasi uylarini vayron qilgani uchun ochiq havoda yashashga majbur bo‘lmoqda.
Yana bir aholi vakili Abdulkarim Saida vaqtinchalik uy-joylar katta yordam bo‘lishini ta’kidladi.
"Chodirlar uzoq muddat yashash uchun mo‘ljallanmagan. Ular bizni qishki sovuqdan ham, yomg‘irdan ham saqlay olmaydi. Ko‘chma uylarda hech bo‘lmaganda hojatxona bo‘ladi va biz bolalarimizni uy ichida issiq saqlashimiz mumkin. Bundan tashqari, ular bizni daydi itlardan ham himoya qiladi," deya ta’kidladi u.