Evropaliklar Myunxen konferensiyasidan tushkunlikka tushdi: "Evropaga yangi Cherchill kerak"

Litva sobiq Tashqi ishlar vaziri GabriElyus Landsbergis Myunxen konferensiyasi yakunlari haqida qayg‘uli fikrlarini bayon etdi.
"Xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasini tushkun kayfiyatda tark etyapman. AQSh vitse-prezidenti Vensning bayonotlari uyqudagi Yevropa uchun zarur dori ekanligiga qo‘shilsam-da, bu dori bemorni o‘ldirib qo‘ymasligini umid qilaman," deya yozadi u.
Landsbergis Amerika ma’muriyati vakillarining konferensiyadagi bayonotlaridan chiqargan asosiy xulosalari quyidagicha:
1. Ukraina endi AQShning yordamiga umid qila olmaydi. AQSh prezidenti kelishuvni tezroq amalga oshirmoqchi. Tezkor bitimlar xaridorga qimmatga tushsa-da, AQSh bu xarajatni to‘lashni istamaydi. Shunday ekan, oxir-oqibat buning uchun Ukraina javob berishiga to‘g‘ri keladi.
2. AQSh endi Yevropada xavfsizlikning asosiy kafolatchisi bo‘lishdan mamnun emas. Qo‘shinlarni qisman olib chiqish haqida gaplar yuritilmoqda.
3. AQShning hozirgi ma’muriyati Yevropa Ittifoqini ilgarigidek ko‘rmayapti - madaniy jihatdan u o‘zini Yevropadagi vayronaga olib keluvchi harakatlar bilan bir xil to‘lqinda deb bilmoqda.
Landsbergis voqealarning keyingi rivoji haqida shunday bashorat qildi: "Putin va Tramp uchrashuvining kelishuv bilan yakunlanish ehtimoli yuqori. Putin har qanday talabni qo‘yishi mumkin. U saylovlar o‘tkazilishini, bosib olingan hududlarni va Ukrainaning betarafligini talab qilishi mumkin. Bu g‘oyalarning barchasi allaqachon aytib o‘tilgan. Agar Tramp bunga rozi bo‘lsa, bu ehtimoldan yiroq emas, Putin o‘zining to‘la g‘alabasini e’lon qiladi."
Uning fikricha, Tramp "bu bitimni Yevropa ostonasiga uloqtirib, oling yoki ketaveringlar, deydi. Shundan so‘ng Yevropa o‘zi qaror qilishi kerak: Ukrainani himoya qilish va uning bitimni rad etishini qo‘llab-quvvatlash uchun urushni davom ettirishga yordam va ko‘mak beradimi yoki yo‘qmi".
Bundan tashqari, Landsbergisning fikricha, Yevropa ishlarida Xitoyning ta’siri kuchayishi mumkin.
"Agar AQSh va Yevropa Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etmasa, Xitoy Rossiyaga ta’sir o‘tkazish vositalaridan foydalanib, vaziyatga aralashishi mumkin. U hatto Tramp taklif qilganidan ham manfaatliroq kelishuvni ilgari surishi ehtimoli bor. Ukrainaning Xitoyga xavfsizlik evaziga taklif qiladigan narsalari mavjud - qayta tiklash ishlari, portlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari. Yevropada bu taklifni qo‘llab-quvvatlovchilar topiladi. Bu gambitni, xuddi Kissinjer Sovet Ittifoqi va Xitoyni ajratib tashlagani kabi, AQSh va Yevropani bo‘lib yuboradigan Kissinjer gambiti deb atash mumkin. Keyingi vaziyat yanada yomonlashadi. Xitoy Ukrainaning himoyachisi sifatida sharqiy qanotda Rossiyani nazorat qiluvchi rolida AQShning o‘rnini egallay boshlaydi. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari avval sharqda, keyin esa g‘arbda ham Xitoy himoyasiga qaram bo‘lib qoladi," - deb yozadi Litva Tashqi ishlar vazirligining sobiq rahbari.
Landsbergisning fikricha, bunday ssenariyning oldini olish uchun Yevropada "Cherchillga xos qat’iyatli yetakchi" paydo bo‘lishi kerak.