Luka Modrich yilning eng yaxshi futbolchisi, Messi uchtalikda ham yo‘q

Luka Modrich yilning eng yaxshi futbolchisi, Messi uchtalikda ham yo‘q

“Real Madrid” bilan ketma-ket uchinchi marta Chempionlar ligasida zafar quchgan, shuningdek, Xorvatiya terma jamoasi bilan Jahon kubogi bahslarida finalgacha yetib borib, yakunda kumush medalni qo‘lga kiritgan, 33 yoshli futbolchi Luka Modrich Goal.com nashrining 42 nafar jurnalisti o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada “Yilning eng yaxshi 50 futbolchisi” ro‘yxati birinchi pog‘onasidan joy oldi.

Ushbu ro‘yxatning ikkinchi o‘rniga “Real Madrid” safida Chempionlar ligasi to‘purariga aylangan, Portugaliya bilan Jahon chempionati nimchorak finalgacha yetib borgan Krishtianu Ronaldu loyiq ko‘rildi.

Uchinchi o‘ringa esa “Liverpul”dagi dastlabki mavsumida fantastik mavsum o‘tkazib, Premyer ligada 36 uchrashuvda 32 ta, Chempionlar ligasida esa 15 bahsda 11 gol kiritgan Muhammad Saloh nomzodi ma’qul ko‘rildi.

Jahon chempionatining oltin medali sohibi, PSJ bilan Fransiya chempionligini qo‘lga kiritgan Kilian Mbappe esa to‘rtinchi bo‘ldi.

Sayyoramizning besh karra “Eng yaxshi futbolchi”si Lionel Messi esa beshinchio‘rindan joy oldi.

Aytish joizki, Leo o‘tgan mavsumda “Barselona” bilan Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritgan. Rossiyada o‘tkazilgan mundialda uning terma jamoasi nimchorak finalda bo‘lg‘usi chempion, fransuzga 3:4 hisobida mag‘lub bo‘lishgan edi.

Kuchli o‘nlikdan, shuningdek, Kevin de Bryuyne (“Manchester Siti”), Rafael Varan(“Real Madrid”), Xarri Keyn (“Tottenxem”), Antuan Grizmann (“Atletiko”) hamda Marselo (“Real Madrid”) joy olgan.

Jahon chempionati bronza medali sohibi Eden Azar 12, Jahon chempioni Pol Pogba 13, “Liverpul” forvardi Sadio Mane 18 hamda “qaymoqranglilar” sardori Serxio Ramos 20 o‘rinda qayd etilgan.

Biroz avval aytganimiz Neymar 24, “Real” hujumchisi Garet Beyl 32, urugvaylik hujumchi Luis Suarez 38, 17 yillik faoliyatdan so‘ng “Yuventus”ni tark etgan Janluijji Buffon 43, “nemis mashinasi”ni mundialda to‘xtatib qo‘ygan, hozirda “Barselona” qiziqish doirasida turgan PSV hujumchisi Irving Losano 47-o‘rinda va ro‘yxatning oxirgi pog‘onasidan bu yil “ko‘k-anorranglilar” bilan xayrlashgan, shuningdek, Ispaniya termasidagi faoliyatini ham yakunlagan bugungi kunda Yaponiyaning “Vissel Kobe” klubi yarim himoyachisi sanalgan Andreas Iniyesta yakunlab bergan.

Umumiy ro‘yxat bilan esa mana bu havolada tanishishingiz mumkin.

Goal 50 deb nomlangan mukofot 10 yildan beri topshirilib kelinmoqda. Shu kungacha ushbu sovringa eng ko‘p Krishtianu Ronaldu egalik qilgan. “Yuventus” hujumchisining shaxsiy muzeyida 5 ta Goal 50 mukofoti bor. Keyingi o‘rinda “Barselona” forvardi Lionel Messi turibdi. 31 yoshli futbolchida ushbu sovrin 4 ta. Yana bitta sovrin esa UYEsli Sneyderda bo‘lib, futbolchi ushbu sovrinni 2010 yilda qo‘lga kiritgan.

 

Manba: O‘zA


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!