“Koronavirusning mutasiyaga uchrashi yaxshi holat bo‘lishi mumkin”

“Koronavirusning mutasiyaga uchrashi yaxshi holat bo‘lishi mumkin”

Yuqumli kasalliklar bo‘yicha singapurlik mashhur shifokor Pol Tambyahning aytishicha, koronavirusning mutasiyaga uchrashi, ya’ni uning genetikasi o‘zgarishi yaxshi holat bo‘lishi mumkin. Hozirda COVID-19 ning mutasiyaga uchragani Yevropada ko‘p marta aniqlangan bo‘lib, bu holat yaqinda Malayziyada ham yuz bergan, deya xabar bermoqda “Dori-Darmon” AK Axborot xizmati.

 

Singapur milliy universitetining katta maslahatchisi va AQShda joylashgan infeksion kasalliklar bo‘yicha Xalqaro Jamiyatning prezidenti Pol Tambyah Singapurda ham D614G nomli mutasiya aniqlanganini ma’lum qildi.

 

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, Yevropada koronavirusdan o‘lganlarning soni tushishiga bu qit’ada ushbu virusning ko‘p marta mutasiyaga uchragani sabab bo‘lgan. Bu esa koronavirusning mutasiyaga uchragan turi odam hayotiga oldingisidan kamroq xavf tug‘dirishini ko‘rsatmoqda.

 

Boshqa ekspertlardan farqli ravishda, Tambyah virusning mutasiyasi hozirda yaratilayotgan vaksinalarning samaradorligiga ta’sir qilishi ehtimoldan yiroqligini va ko‘plab viruslarning xavflilik darajasi mutasiyaga uchraganidan keyin kamayishini ta’kidlagan.

 

“Balki, yuqumlilik darajasi yuqori-yu, lekin o‘limga olib kelish xavfi kamroq bo‘lgan koronavirusni yuqtirib olish yaxshi bo‘lishi mumkin. Ko‘proq odamga tarqalishi virusning foydasiga ishlaydi, lekin u o‘zi kirgan organizmni o‘ldirishdan manfaatdor emas. Chunki, virus ozuqa va yashash uchun joyga ega bo‘lishi uchun organizm tirik bo‘lishi kerak” deydi Tambyah.

 

JSSTning ma’lum qilishicha, olimlar koronavirusning mutasiyaga uchragan turini fevraldayoq aniqlashgan. Keyinchalik Yevropa va ikkala Amerikada ham virusning genetikasi o‘zgargani qayd etilgan.

 

Yaqinda Malayziya rasmiylari mamlakatdagi ikkita virus klasterida koronavirusning mutasiyaga uchragan D614G turi aniqlanganini xabar qildilar.

 

16 avgustda Malayziyaning sog‘liqni saqlash bo‘yicha bosh direktori Nur Hishom Abdullo aholini yanada ogoh bo‘lishga chaqirdi. Nur Hishomning aytishicha, virusning bu turi oldingisidan 10 martaga yuqumliroq bo‘lib, hozirda yaratilayotgan vaksinalar unga qarshi ish bermasligi mumkin.

 

Lekin, Tambya bunday mutasiyalar hozirda yaratilayotgan vaksinalarning samaradorligini kamaytirdigan darajada koronavirusni o‘zgartirib yubormasligini aytdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!