Koronavirus inqirozi haqida yangi mulohazalar

Koronavirus inqirozi haqida yangi mulohazalar

A. Koronavirus haqida bugungi xulosalar:

1. COVID-19 odatiy shamollashga o‘xshagan mavsum kasali emas.

2. Jahonda yuqish soni kamayayotgani asosan karantin va shunga o‘xshash cheklov choralari sababli bo‘lyapti.

3. Epidemiyaning ikkinchi to‘lqini borasidagi xavotirlar asoslariga ega.

4. Tuzalib chiqqanlar qayta yuqtirishi ehtimoli mavjud, tuzalib chiqqanlardagi keyingi asoratlar yaxshi o‘rganilmagan.

5. Vaksina (em) topilayotgani haqida tinchlantiradigan ma’lumotlar juda oz, uning qachon va qayerda topilishi noma’lum, topilganda uni ommaviy ishlab chiqarish va tarqatish uchun kamida yana yarim yil ketadi.

6. Jahonda pandemiya holati kamida bir yil va unda ko‘proq muddatga cho‘zilish ehtimoli mavjud.

7. Pandemiya sharoitida insonlar (yakka holida, oila, tashkilot, davlat miqyoslarida) yangicha hayot kechirishni o‘rganishlari lozim.

B. Shaxsiy va ijtimoiy hayot tarzlarida qanday o‘zgarishlar kiritilishi lozim?

1. Virus tarqalishi ko‘lamiga qarab joylarni “yashil” (kasal tarqalishi ehtimoli oz), “sariq” (kasal tarqalishi ehtimoli o‘rtacha) va “qizil” (kasal tarqalishi xatari yuqori darajada) maqomlarga ajratish – to‘g‘ri. Har bir hudud uchun epidemiologik vaziyatga binoan maxsus rejim tayinlanishi, “qizildan” maqomdan “sariqqa”, “sariqdan” “yashil” darajasiga olib chiqiladigan choralar ko‘rilishi kerak.

2. Kishilarning kundalik ijtimoiy hayoti (ishga borish, shaharda sayr qilish, ibodatxonalarga qatnash) uchun “yashil” va “sariq” hududlarda imkon berilishi kerak. Bunda “sariq” hududda “yashil” hududga nisbatan cheklovlar ko‘proq bo‘ladi. “Qizil” hudud – karantin zonasi.

3. Ijtimoiy hayotga qaytish maqsadida tashkilotlar va fuqarolar profilaktik choralarga muntazam amal qilishlari shart, bular:

- Ko‘cha, markab, ish joyi, bilim yurtlari, ibodatxonalar va boshqa jamoat joylarida ijtimoiy masofa saqlash;

- Niqob, qo‘lqop, ko‘zlarni yopadigan moslama, tozalovchi vositalardan doimo foydalanish, joylarni tozalab turish;

- Ommaviy test o‘tkazish va joylarda simptomlarni kuzatish;

- Immunitetni saqlaydigan va kuchaytiradigan tibbiy muolajalarini kundalik qilib yurish.

Yuqoridagilarga jamiyat qanchalik muntazam amal qilsa u shunchalik tez normal hayot tarziga qayta oladi.

V. Biznes va boshqa tashkilot egalari karantin rejimidan doimiy faoliyatga tezroq qaytishlari uchun yuqoridagi “B”-ning 3-bandiga nisbatan o‘z takliflarini va amaliy tadbirlarini ko‘rsatishlari, muhimi, mutaxassislar tavsiyalariga jiddiy rioya qilishlari kerak. Davlatdan ham qaytish tashabbuslarini to‘g‘ri qabul qilib, asosli ruxsatlarini taqdim qilishi kutiladi.

G. Diniy mutasaddilar va dindorlar ibodatxonalar ochilishini talab qilishda haqlidirlar. Shu bilan birga ular yuqoridagi “B“-ning 3-bandiga nisbatan takliflari va amaliy tadbirlarini ko‘rsatishlari kerak. Jahon tajribasini yaxshilab o‘rganib, eng samarali va qulay yechimlarni tanlagan yaxshi. Albatta, bunda mutaxassislar ko‘rsatmalari inobatga olinadi.

D. Karantin choralari inson huquqlarini butkul poymol qilishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Oddiy qilib aytganda, cheklovlar vaziyat va real xatar muvozanatini saqlanishi zarur. Pandemiya bahona totalitar despotiyaga o‘tib ketish juda oson. Buning uchun rahbarlarning ko‘rsatmalarini ko‘r-ko‘rona inkor qilmay, jamoatchilik real vaziyat borasida batafsil, haqqoniy va shaffof ma’lumotlarni talab qilishlari zarur. OAV, faol blogerlar, huquqbonlar va siyosatchilar bu vazifani amalga oshirishda muhim vazifani o‘taydilar. Davlat hisobdorligi masalasi har galgidan ko‘ra dolzarbdir.

Davlatning o‘zi uchun zug‘umni karantin/ihotalash libosiga kiydirish maqsadga muvofiq emas. Birinchidan va eng muhimi, insonlarni erkinliklaridan mahrum qilish o‘ta og‘ir jinoyatdir. Ikkinchidan, ko‘p o‘tmay odamlar aldanayotganlarini fahmlaydilar va buning natijasida norozilik kayfiyatlari kuchayadi, korrupsiya urchiydi, ishonch yo‘qligidan odamlar zaruriy muolajalarga rioya qilmay, koronavirus bostirishi uchun yangi “tuynuklar” ochib yuboradilar va buning natijasida epidemiya gurkirab, vaziyatni yanada og‘irlashtirib yuboradi.

Pandemiyaga qarshi kurashda cheklovlar asosiy quroldir, ammo bu qurolni noo‘rin va ortiqcha ishlatish pandemiya hamlasini kuchaytiradi.

E. Har bir ongli kishiga “kovidiotizm” (koronavirus xatarini ko‘r-ko‘rona yoki fitna nazariyalari asosida inkor qilish) bilan siyosiy idiotizm (insoniy va fuqarolik haq-huquqlarini ovsarlarcha topshirib qo‘yish) o‘rtasidagi muvozanatni topishga intilishini tavsiya qilaman. Bunga tanqidiy, tahliliy fikrlash, ishonchli ma’lumotlarga va mutaxassislar fikrlariga e’tibor berish va aniq savollar qo‘ya bilish kiradi. Ongli fuqaro bo‘lish tafakkur intizomini anglatadi, va bu – hayot, erkinlik va mamot masalasidir.

Eslatma: Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Manba: sof.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!