Jangdan qochgan 25 nafar askar o‘lim jazosiga hukm qilindi

Jangdan qochgan 25 nafar askar o‘lim jazosiga hukm qilindi

Kongo Demokratik Respublikasida 4 iyul kuni isyonchilar bilan jang qilishdan qochgan 25 nafar askar o‘lim jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.

KDR harbiy tribunali askarlarni o‘z harbiy burchini ado etishdan bo‘yin tovlash, armiyadan qochish va o‘grilik jinoyatlarida aybdor deb topib, o‘lim jazosi tayinlash to‘g‘risida hukm chiqargan. Tergovchilarga askarlar xatti-harakatlarini tekshirish yuzasidan qo‘shimcha topshiriqlar berilgan.

Manbada aytilishicha, askarlar mamlakat sharqidagi M23 isyonchi guruhi bilan kurash paytida jang maydonini tashlab qochgan. Keyinchalik yaqin atrofdagi mahalliy aholi mulklarida o‘g‘irlik va talonchilik harakatlari sodir etgan.

Kongo armiyasi so‘nggi ikki oydan beri M23 isyonchilariga qarshi faol kurash olib bormoqda. Ayrim rasmiylar ushbu isyon mamlakatga qo‘shni Ruanda tomonidan tashkil etilganini iddao qilgan.

Harbiy harakatlar keskin nuqtaga ketgan Shimoliy Kivu viloyatida 2,7 million kishi uy-joylarini tashlab ketgan. Viloyatning strategik muhim nuqtalari qo‘zg‘olonchilar tomonidan egallangan.

Jangdan qochgan askarlardan biri 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Yana bir nafar esa oqlangan. Harbiy nizomni buzishda uzil-kesil aybdor deb topilgan 25 kishiga eng oliy jazo berilgan.

Kongo Demokratik Respublikasida o‘lim jazosi qonunan bekor qilinmagan. Inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari talabi bilan hukumat bu turdagi jazoga 2000 yildan boshlab moratoriy kiritgan. Ammo bu tartib amalda umuman ishlamagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!