Isroilning G‘azoga bir kechada uyushtirgan hujumlari ko‘plab falastinliklarni o‘ldirdi

Isroilning G‘azoga bir kechada uyushtirgan hujumlari ko‘plab falastinliklarni o‘ldirdi

Genosidda ayblangan Isroil armiyasi tun bo‘yi blokadadagi G‘azo sektoriga hujum qildi: ko‘plab odamlar halok bo‘ldi, o‘nlab odamlar yaralandi.

Falastinning WAFA rasmiy axborot agentligiga ko‘ra, Isroil armiyasining G‘azo sektoriga hujumlari 201-kundirki to‘xtamayapti.

Anklavning markaziy qismidagi Nuseyrat qochqinlar lageridagi Abu Arban maktabi binosi yaqinida Isroil havo hujumlari natijasida uch falastinlik halok bo‘ldi.

Nuseyrat shimolidagi Al-Jedid lageri artilleriyadan o‘qqa tutildi va havo hujumlari uyushtirildi.

Isroilning G‘azo shahrining Az-Zeytun, Shujayya, Tuffah, Ad-Durj, Tal al-Hava va Ar-Rimal hududlarini o‘qqa tutishi natijasida ko‘plab insonlar halok bo‘ldi va yaralandi.

G‘azo sektori shimolidagi Bayt Lahya va Bayt Xanun qishloqlari ham Isroil armiyasi tomonidan o‘qqa tutildi, ko‘plab falastinliklar yaralandi.

Bundan tashqari, Isroil aviasiyasi ertalabgacha G‘azo sektorining janubiy va markaziy qismlaridagi bir qator aholi punktlariga zarbalar berdi.

200 kundan ortiq vaqt davomida Isroil armiyasi nafaqat fuqarolik infratuzilmasiga, jumladan, shifoxona va maktablar hamda G‘azo sektoridagi ko‘chirilganlar uchun boshpanalarga hujum qildi, balki gumanitar yordamning kirib kelishiga to‘sqinlik qildi, bu esa 2,3 millionga yaqin odamning gumanitar falokatga duch kelishiga sabab bo‘ldi.

Mintaqadagi aksariyat shifoxonalar yopilgan, tibbiy buyumlar yetishmaydi.

Xalqaro doiralar, ayniqsa BMT tashkilotlari, ochlik, tashnalik va gigiyena vositalarining yetishmasligi sabab bo‘lgan kasalliklarning tarqalishi fonida G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va mintaqaga insonparvarlik yordami oqimini oshirishni talab qilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!