Iqlim o‘zgarishi vaqtni hisoblashga ta’sir qilishi mumkin — tadqiqot

Iqlim o‘zgarishi vaqtni hisoblashga ta’sir qilishi mumkin — tadqiqot

Qutb muzliklarining erishi, birinchi navbatda, antropogen iqlim o‘zgarishi Yerning aylanishini biroz sekinlashtiradi, bu esa global vaqt hisobiga ta’sir qilishi mumkin. Bu haqda BBC nashri Nature jurnalida chop etilgan tadqiqotga tayanib yozmoqda.

Tadqiqot muallifi — San-Diyegodagi Kaliforniya universiteti (AQSh) Okeanografiya instituti geofizigi Dunkan Agnyu. Uning qayd etishicha, Grenlandiya va Antarktidadagi muzlarning erishi Yer massasining konsentrasiya joylarini o‘zgartirdi — muzliklardan Jahon okeaniga oqib kelayotgan suv qutblardan ekvatorga qayta taqsimlanadi va shu tariqa tortishish markaz tomon harakatlanadi. Bu, o‘z navbatida, Yer aylanishining burchak tezligiga ta’sir qiladi.

Olimning hisob-kitoblari shuni ko‘rsatdiki, agar hozirgi tendensiyalar davom etaversa, u holda 2026 yilda emas, balki 2029 yilda Muvofiqlashtirilgan universal vaqt (UTC)ga salbiy sakrash soniyasi kiritilishi kerak bo‘ladi.

UTC formati atom vaqtiga asoslangan. Vaqti-vaqti bilan UTC vaqtiga o‘zgartirishlar kiritiladi — qo‘shimcha soniyalar. Bu UTC Yerning aylanishiga mos kelishi uchun zarur hisoblanadi. 1970-yillardan beri global soatga taxminan 27 ta shunday soniya qo‘shilgan.

So‘nggi o‘n yilliklarda sayyoraning suyuq yadrosidagi o‘zgarishlar Yerning biroz tezroq aylanishiga olib keldi va xronometristlar tarixda birinchi marta 2026 yildagi soniyani istisno etishni rejalashtirmoqda.

Salbiy sakrash soniyasi ilgari hech qachon qo‘llanmagan va tadqiqot qayd etganidek, u butun dunyo bo‘ylab kompyuter tizimlari uchun «misli ko‘rilmagan qiyinchilik tug‘diradi».

«Bunaqasi oldin hech sodir bo‘lmagan va sinxronizasiya global infratuzilmasining barcha qismlari bir xil vaqtni ko‘rsatishini ta’minlash uchun katta qiyinchilik tug‘diradi», — dedi Dunkan Agnyu.

Endi, Agnyuning hisob-kitoblariga ko‘ra, soniyani uch yildan keyinroq istisno qilish kerak bo‘ladi. Ushbu prognoz shuni ko‘rsatadiki, vaqtni boshqaradigan xalqaro tashkilotlar «agar ular salbiy vaqt oralig‘idan qochishni xohlasalar, UTCga tezroq o‘zgartirishlar kiritishlari kerak», — deb yozadi Axios.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!