Hindistonda 120 ming dollar qarzi bor erkak buyragini sotuvga qo‘ydi

Hindistonda 120 ming dollar qarzi bor erkak buyragini sotuvga qo‘ydi

120 ming AQSh dollari miqdorida qarzga botgan va bu muammoni hal qilishda hech qanday yo‘l topa olmagan kashmirlik Sabzar Ahmad Xon o‘z buyragini sotishdan boshqa yo‘li qolmaganini aytdi. Ahmad Xon Hindistonda o‘z tana a’zolarini sotish borasidagi reklamalar noqonuniy ekanini bilsa-da, u dushanba kuni Shrinagarda nashr etiladigan “Kashmir Reader” gazetasida shunday reklama berdi:

“Men o‘zimning buyragimni sotmoqchiman, chunki men biznesdagi hamma narsamni yo‘qotdim va 90 lax (yuz ming) to‘lashim kerak. Buyrakka muhtoj bo‘lganlardan men bilan bog‘lanishlarini so‘rayman ”.

Ushbu reklama e’lon qilinganidan keyin bir sutka ichida 5 kishi Ahmad Xonga telefon qildi.

«Agar siz qiyin vaziyatga duch kelsangiz, shunday reklama joylashtirishga majbur bo‘lasiz», dedi Ahmad Xon seshanba kuni u Arab Newsga bergan intervyusida.

Ahmad Xon Janubiy Kashmirdagi Nussu qishlog‘ida yashaydi. U o‘n yildan beri pudratchi kompniyani boshqarib kelmoqda edi. Hindiston hukumati o‘tgan yili Kashmirning qonuniy maqomini bekor qilib, bu yerni bloklab qo‘ygandi. Kashmirda shu sabab yuzaga kelgan iqtisodiy turg‘unlik Ahmad Xonning ishlarini ham orqaga ketishiga olib keldi.

«Shundan keyin men moliyaviy muammolarga duch keldim va biznesda zarar ko‘rdim. Agar Kashmir bir yil davomida yopilmaganida edi, men bu iqtisodiy tanglikka duch kelmagan bo‘lardim. Men biron bir ish qilgan bo‘lardim” deydi u.

Hindiston konstitusiyasining 370 -moddasida Jammu va Kashmir hududlari yarim avtonom joylar ekani belgilangandi. Ammo, hind hukumati 2019 yilning 5 avgustida ushbu moddani bekor qildi va mazkur hududlarga o‘zining armiyasini kiritdi.

Shuningdek, hindlar bu hududlardagi aholining barcha demokratik huquqlarini va siyosiy faoliyatini vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi. Kashmirdagi siyosiy rahbarlar va fuqarolik jamiyati faollarining ko‘pchiligi hibsga olindi, Internet va telefon tarmoqlariga kirish to‘sib qo‘yildi.

«Har kuni qarz berganlar mening uyimga kelib, pul talab qiladi. Hukumat 370- moddani bekor qilganidan keyin men zarar ko‘rdim. Endi hukumat buning uchun tovon puli to‘lashi kerak. Men taniqli diniy rahbarlar va o‘qituvchilar bilan uchrashib, yordam so‘ardim, ammo, hech kim yordam bermadi», deya qo‘shimcha qildi Ahmad Xon.

Xonning aytishicha, buyrak sotishi haqidagi e’lon gazetada chiqqanidan bir necha soat o‘tgach, besh-olti kishi u bilan bog‘landi. Ularning ba’zilari buyrak sotib olmoqchi bo‘lganlar bo‘lsa, boshqalari moddiy yordam bermoqchi ekanini aytishgan.

“Men besh-olti kishi bilan gaplashdim va ular men bilan uchrashish uchun kelishadi. Ular orasida buyrak sotib olmoqchi bo‘lganlar ham, menga yordam berishni xohlovchilar ham bor» deydi u.

Xon o‘zining qilmoqchi bo‘lgan ishi noqonuniy ekanligini biladi.

«Men buyrakni sotmoqchi ekanligimga aminman. Agar bunga qonun to‘sqinlik qilsa, aynan o‘sha qonun meni qutqarishi kerak. Agar ta’na a’zolarini sotish noqonuniy bo‘lsa, hukumat menga yordam berishi kerak” deydi Ahmad Xon.

15 dekabr kuni Kashmirning ishbilarmonlari Xonni qo‘llab-quvvatlash uchun miting o‘tkazdilar.

«Bu g‘ayrioddiy reklama barcha ishbilarmonlarni larzaga keltirdi, chunki bu oddiy narsa emas. Men butun faoliyatim davomida bunday holatni hech qachon ko‘rmaganman. Hukumat bundan xulosa qilishi kerak. Ayniqsa, bir yildan beri nafaqat bir kishi, balki barcha ishbilarmonlar qattiq siquv ostiga olingan» deydi Kashmir Savdo-sanoat palatasi prezidenti shayx Ashiq Ahmad.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!