Hamyurtimiz xorijda «Tafsiri Hilol»dan dissertasiya yoqlab magistr bo‘ldi

Hamyurtimiz xorijda «Tafsiri Hilol»dan dissertasiya yoqlab magistr bo‘ldi

Yaqinda hamyurtimiz Abdulhafiz Abduraimov Turkiyaning Bursa shahridagi Uludag‘ universiteti Ilohiyot bo‘limida «O‘zbek mufassiri Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning «Tafsiri Hilol» nomli asarida Qur’onni tafsirlash metodi» (Özbek Müfessir Muhammed Sâdık Muhammed Yusuf’un Tefsîr-i Hilâl Adlı Eserinde Kur’ân’ı Yorumlama Yöntemi) nomli magistrlik dissertasiyasini muvaffaqiyat ila himoya qildi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh yetuk alloma, mufassir, muhaddis, faqih, o‘z zamonasidagi Islom olamining yirik namoyandasi, ulkan arbob, Sobiq ittifoq Oliy Kengashining xalq deputati, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasining sobiq muftiysi, ko‘plab xalqaro ilmiy muassasalar, diniy tashkilotlarning a’zosi, Movarounnahr xalqlarining diniy rahnamosi edi.

Fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf butun umrini «Ahli sunna val jamoa mazhabi asosida pok aqiyda va musaffo Islomga intilish, Qur’on va Sunnatni o‘rganib, amal qilish, islomiy ma’rifat taratish, salafi solih – ulug‘ mujtahidlarga ergashish, bag‘rikenglik va birodarlik ruhini taratish, diniy savodsizlikni tugatish, ixtilof va firqachilikka barham berish, mutaassiblik va bid’at-xurofotlarni yo‘qotish» shiori ostida Alloh taoloning haq diniga, U Zotning mahbub Payg‘ambari Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam keltirgan risolatni targ‘ib qilishga baxshida qilgan saodatmand inson edi.

Albatta, ana shunday faqih, ulug‘ olimning yirik asari sanalmish «Tafsiri Hilol» ustida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish juda katta baxt va ne’matdir. Shuni alohida ta’kidlash joizki, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining mazkur olti jildlik asari bugungi kunda o‘zbek tilida yozilgan ilk tafsirdir.

Magistrlik dissertasiyasi himoyasiga Turkiyaning Anqara shahrida «Tafsiri Hilol» asariga bag‘ishlab doktorlik dissertasiyasini yoqlash arafasida turgan Hoji Akbar Farg‘oniy ham tashrif buyurdi. Bu nafaqat hamyurtimiz Abdulhafiz Abduraimovga nisbatan hurmat, madad, balki yetuk alloma,  mufassir shayx hazratimizga nisbatan yuksak ehtirom belgisi ham edi.

Islom.uz portali tahririyati bo‘lajak olim bilan bog‘lanib, yakuniga yetgan ushbu xayrli ish haqidagi taassurotlari bilan yaqindan o‘rtoqlashdi.

– «Tafsiri Hilol» xayrli ishlarning debochasi bo‘ldi, – deydi Abdulhafiz Abduraimov. – Darhaqiqat, u hilol misoli xalqimiz ma’naviyatiga nur sochib turibdi.  Asar hali qadriyatlarimiz osmonida yanada nurafshonroq nur taratib, porlab turadi. Tafsir dinimiz asoslarini o‘rganuvchi har bir mo‘min-musulmon uchun o‘ziga xos dastur sanaladi.

Dissertasiyadan ko‘zlangan asl maqsad, avvalo, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining mazkur yirik asarini dunyoga, xususan turk dunyosiga tanitish, uning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish bo‘lsa, ikkinchi jihati, u kishining Qur’oni karimni tafsirlashdagi ilm, mahoratlari, zukkoliklari, qolaversa, o‘ziga xos uslublarini ochib berishdan iborat edi.

Men ana shu jarayonga ilmiy nuqtai nazardan yondashishni, tafsir qilishning nozik jihatlarini, nuqtalarini tadqiq etishni lozim topdim. Albatta, bu juda katta mas’uliyat, og‘ir yuk. Bu ishni o‘z maromiga yetkazib bajara oldim, deb ayta olmayman. Chunki, ulug‘ mufassirning hayoti va yozib qoldirgan diniy-ilmiy meroslari, bu yo‘ldagi xizmatlari keng qamrovli va g‘oyatda ulkandir. O‘ylaymanki, hazratning ilmiy meroslari asosida hali yuzlab dissertasiyalar yoziladi,  minglab kitoblar nashr qilinadi.

Alloh taolo har bir narsani biluvchi Zotdir.Fursatdan foydalanib, mazkur dissertasiyani yozish, uning ustida ishlash davomida menga yaqindan ko‘mak bergan, ma’nan va fikran qo‘llab-quvvatlagan fazilatli shayximizning farzandlari Ismoiljon Muhammad Yusuf va Odinaxon Muhammad Yusuflarga, «Hilol-nashr» nashriyot matbaasi hay’atiga,  Odilxon Hamidov, Husaynxon Yahyo Abdulmajid va Abdulhodiy G‘iyosov kabi ustozlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Barchalariga Allohdan barokatli va saodatli umr tilayman!

Manba: islom.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!