Germaniya 16 dekabrdan qat’iy karantinga qaytadi

Germaniya 16 dekabrdan qat’iy karantinga qaytadi

Germaniyada koronavirus bilan bog‘liq og‘ir vaziyat tufayli 16 dekabrdan boshlab kamida 10 yanvarga qadar davom etuvchi qat’iy lokdaun joriy etiladi. Bu haqda 13 dekabr, yakshanba kuni kansler Angela Merkel ma’lum qildi.

Butun mamlakat bo‘ylab oziq-ovqat va kundalik mahsulotlar sotiladigan do‘konlardan tashqari barcha chakana savdo do‘konlari yopiladi. Maktablarda kunduzgi ta’lim to‘xtatiladi, bolalar bog‘chalari yopiladi. Kompaniyalarga esa o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatish yoki xodimlarini masofaviy ishlashga o‘tkazish tavsiya etilgan.

Oziq-ovqat do‘konlaridan tashqari, dorixonalar, attorlik do‘konlari, benzokolonkalar, banklar, jamg‘arma kassalari va pochta bo‘limlari ochiq qoladi.

24—26 dekabr kunlari Rojdestvo bayramini 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarni hisobga olmaganda 5 kishidan ko‘p bo‘lmagan tor doirada, oilaviy tarzda nishonlashga ruxsat berilgan. Yangi yil (31 dekabr va 1 yanvar) bayramiga esa yig‘ilishlar o‘tkazish taqiqlanadi, fuqarolarga feyerverklarni otmaslik tavsiya etilgan.

Lokdaun paytida ibodatxonalarga borishga ruxsat beriladi, faqat ijtimoiy masofalanish va niqob taqish rejimiga rioya etish lozim.

Bundan tashqari, 16 dekabrdan 10 yanvargacha fuqarolarga Germaniyaning boshqa hududlariga yoki chet elga chiqishdan voz kechish tavsiya etiladi, juda zarur bo‘lgan holatlar bundan mustasno.

Lokdaun tufayli zarar ko‘rgan korxonalar hukumatdan kengroq yordam olishi mumkin. Ko‘rsatiladigan yordamning maksimal miqdori 200 dan 500 ming yevrogacha oshiriladi, ammo to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita bankrot bo‘lish xavfi ostida bo‘lgan kompaniyalar uchungina tatbiq etiladi. Tovarlarning narxi bo‘yicha yo‘qotishlar uchun kompensasiya berish ham ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, Germaniyada koronavirus bilan bog‘liq cheklovlar 10 yanvargacha uzaytirilishi mumkinligi haqida 3 dekabr kuni ma’lum bo‘lgandi. Mamlakatda COVID-19 oqibatidagi o‘limlar soni rekord darajada o‘smoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!