Fotogalereya: Shavkat Mirziyoyev Talabalar shaharchasiga tashrif buyurdi

Fotogalereya: Shavkat Mirziyoyev Talabalar shaharchasiga tashrif buyurdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 may kuni poytaxtimizning Talabalar shaharchasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, deb yozmoqda O‘zA.

Toshkent metrosining “Beruniy” bekati Talabalar shaharchasining o‘ziga xos ramziy darvozasi hisoblanadi. Sababi ilm olib, mamlakat kelajagiga xizmat qiladigan yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishdek orzu-havaslar ushaladigan Talabalar shaharchasi shu bekat yonidan boshlanadi. 

 

f71da9bf-d1da-2929-7b50-246abba2029c.jpg 

Ushbu mo‘’jazgina shaharchadan har yili minglab talaba katta hayotga yo‘llanma oladi. Shu bois mazkur shaharcha bu yerda tahsil olib, yurtimizning barcha hududiga tarqalgan ziyolilar uchun aziz va mukarramdir. 

Bugun Talabalar shaharchasini bundan o‘n besh yil oldingi holati bilan mutlaqo taqqoslab bo‘lmaydi. O‘sha kezlarda yotoqxona deb ataluvchi talabalar turar joylarining aksariyati sharoit yo‘qligidan yopib qo‘yilgan, ishlayotganlarining ham yerto‘lasini suv bosib, devorlari ko‘chib tushgan edi. Kutubxona, poliklinika, sport inshootlari eskirib ketgandi. 

 

c13701e6-e23c-7222-37c9-e235a330308c.jpg

 

e22ae8f5-26c2-aa88-f552-1faf9c2fdf24.jpg 

2005 yili o‘sha vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimida ishlagan Shavkat Mirziyoyev bu yerdagi og‘ir ahvolni ko‘rib, yoshlarimizning yashashi va ta’lim olishi uchun sharoit yaratib bermasa ertaga kech bo‘lishini aytadi, o‘zi bu ishga qat’iy kirishadi. Ammo bu oson ish emasdi. O‘sha paytda buning uchun byudjetdan mablag‘ ajratish amrimahol edi. Shunga qaramay, Shavkat Mirziyoyev shashtidan qaytmadi, respublika tashkilotlari, homiylarni shaharchani rekonstruksiya qilishga jalb qilish imkonini topa oldi. 

 

d8e71d35-379c-443b-e1cd-fda4cf92bbde.jpg 

Shu tariqa qisqa muddatda shaharchadagi talabalar turar joylari mukammal ta’mirlanib, uch yulduzli mehmonxona darajasida jihozlandi. Muhtasham suv sporti saroyi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, sport zallari, xizmat ko‘rsatish inshootlari qurildi. 

Bu ishlarning uzviy davomi sifatida joriy yilda shaharchada keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borildi. Yo‘laklar ta’mirlanib, yoritish ustunlari, o‘rindiqlar o‘rnatildi, 400 o‘rinli avtoturargoh qurildi. Hududga ko‘p yillik va mavsumiy gullar, manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. 

 

e6a38c9a-4901-4854-2887-b2f4ed9e006a.jpg 

Metro bekati oldida parvoz qilayotgan oq kaptarlar ramzi tushirilgan stella qad rostladi. Bu ushbu ilm-fan maskanida yetuk mutaxassis bo‘lib tarbiyalangan yoshlarning hayotga uchirma bo‘layotganiga ishoradir. 

Prezidentimiz tashabbusi bilan shaharcha hududining boshlanishida, “Beruniy” metro bekati yonida Beruniy maydoni barpo etildi. Abu Rayhon Beruniyning Texnika universiteti oldidagi haykali shu yerga ko‘chirilib, atrofi obod qilindi. Bular o‘ziga xos majmua hosil qilib, Talabalar shaharchasi ilmiy salohiyatining yana bir ramzi bo‘ldi. 

 

fdef9ae8-bfa7-7832-c2ec-5f62fb1b49b5.jpg 

Bugungi kunda Talabalar shaharchasida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Innovasion rivojlanish vazirligi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, kollej va liseylar, sport majmualari joylashgan. Ikki universitetda qariyb 25 ming talaba tahsil olmoqda. 

 

f2a85c35-4737-2fc4-f1fa-971b2d912638.jpg 

Davlatimiz rahbari majmuada olib borilgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. Alloma haykalining Talabalar shaharchasi boshlanadigan joyga qo‘yilishi mamlakatimizda ilm-fanga qaratilayotgan e’tibor ramzi bo‘lib, bugungi yoshlarda ulug‘ ajdodlardan faxrlanish tuyg‘usini kuchaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!