Fojia! Xorazmlik erkak xotini va qaynotasini vahshiylarcha o‘ldirdi, qaynonasini og‘ir jarohatladi

Fojia! Xorazmlik erkak xotini va qaynotasini vahshiylarcha o‘ldirdi, qaynonasini og‘ir jarohatladi

Inson tanidagi dog‘ni yuvib tashlash mumkin. Hatto yara-chaqalarni ham bir qadar jo‘n muolajalar ko‘magida bemalol bartaraf etsa bo‘ladi. Ammo yurakka tushgan yaraga malham qo‘yish mushkuldir. Basharti, qalbni yara emas, qon dog‘lari qoplagan bo‘lsa-chi?! Taassufki, buning da’vosi yo‘qdir. Binobarin, qalb yarasi ham, undagi qon dog‘lari ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi.

Xudbinlik, johillik, ruhiy va axloqiy tubanlik, aqlu idrok zaifligi, o‘z-o‘zini idora eta olmaslik singari qu­surlar esa, bosiq-vazminlikni susaytiradi, g‘avg‘o-janjal, tahdid va zo‘ravonlikka yo‘l ochadi va buning oqibati esa, aksa­riyat­ hollarda fojia bilan yakun topadi.

Urganch tumanining Amudaryo sohillariga tutash Cholish shaharchasida yashovchi Sultonovlar oilasida aynan shunday fojia yuz berdi. Ushbu shaharchada istiqomat qiluvchi Quanishbay Sultonov va azim Amuning narigi sohili — Qo­raqalpog‘istonning Ellikqal’a tumanida kamolga yetgan Alfiya Bekjasarovaning 2016 yil to‘y-tomoshalar bilan boshlangan oilaviy turmushi mo‘rt va omonat bo‘lib chiqdi.

El ulug‘lari o‘rtada farzand tug‘ilsa, har qanday noahil oila ham o‘z-o‘zidan tinchiydi, bola — er-xotin o‘rtasidagi ko‘prik, deya naql qilishadi. Yo‘q, Sultonovlar oilasi farzand dunyoga kelgach ham tinchimadi. 2017 yil dunyoga kelgan Abubakir ota-ona orasidagi jarlikka ko‘prik bo‘lolmadi. Oila tanazzul yo‘lidan bordi. Deyarli besabab boshlangan va izi uzilmay davom etgan talashuv-tortishuvlar o‘tgan yilning 11 iyul ku­ni avj pallaga ko‘tarildi.

Qua­nishbay shu kuni Alfiyani ayovsiz savaladi.

Inson jismida sabr-toqat atalmish tuyg‘u bor. Bu unsurni ko‘pchilik «sabr kosasi» deya ataydi. Uning sathida, kezi kelsa, sokin shamollar esadi, kuni kelganida dengiz misol chayqalib, ko‘pirib toshadi. Shu kungi og‘ir kaltak va uning oqibatida badaniga yetgan jarohatidan so‘ng Alfiya bu uyda qololmadi. Sabr kosasi to‘lib-toshdigina emas, chil-chil sindi. Ellikqal’a tumanida o‘zi tug‘ilib o‘sgan ota-onasi xonadonidan panoh topdi. Yolg‘iz o‘g‘li erining qo‘lida qoldi. Alfiya ota uyiga qaytgach ham tinch o‘tirolmadi. Murg‘ak farzandini sog‘indi, dilbandi taqdirini o‘ylab, kunlarini behalovat, tunlarni bedor o‘tkazdi. Ota uyiga qaytganidan so‘ng oradan 2 hafta o‘tgach, o‘g‘lini o‘z tarbiyasiga olish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga ariza bilan murojaat qildi. Sud ishni ko‘­rishni uzoq cho‘z­madi. 2019 yilning 9 avgustidayoq endigina 2,5 yoshdan o‘tgan Abubakirni ona — A. Bekjasarovaning tar­biya­siga olib berish yuzasidan qaror chiqardi. Oradan yana bir oy vaqt o‘tdi.

Qaror ijroga qaratildi. 10 sentyabr kun peshinga oq­qanda Bekjasarova Majburiy ijro byurosining Urganch tuman bo‘limi xodimlari: Q. Boyjonov, A. Davlatov va otasi – O. Sarsenov, onasi – SH. Tureniyazovalar hamrohligida o‘zi 3 yil turmush kechirgan uyga kirib keldi. Mezbon Q. Sultonov chaqirilmagan mehmonlarni xushlamay kutib oldi. Alfiyaga murosa-yu, madorani taklif etdi. U bilan yak­ka­ma-yakka suhbat qurdi. Afsuski, Alfiya yarashuvga oid taklifga ko‘nmadi. O‘g‘­lini o‘z ixtiyoriga berish, sud qarori yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lmaslikni qat’iyan talab qildi. Yuqorida zikr etilgani yanglig‘ illat: xudbinlik, johillik, insoniy tubanlik, zaiflik, telbalik, o‘z-o‘zini idora eta olmaslikning xunuk va sovuq turqi aynan shu mahal namoyon bo‘ldi. Quanishning qo‘­lida nogohon oshxona pichog‘i paydo bo‘ldi. Uning tig‘i dast­avval turmush o‘rtog‘i Alfiyaning badaniga sanchildi, bir-ikkimas, naq olti marotaba sanchildi. Oqibatda ayolning ko‘krak qafasi, buyrak va oshqozon-ichak sohalariga hayot uchun imkon qoldirmaydigan darajada shikast yetdi.

Ayolini bir yoqli qilgan Quanish qo‘lidagi pi­choq bilan qaynotasi Orazali Sarsenovga tashlandi. Tig‘ning ishi — kesmoq, sanch­moq, poralamoq. Qotillikka jahd etgan kimsaning qo‘liga tushgan pichoq ana shu tariqa o‘z kuchini ko‘rsatdi. Orazali akaning og‘ir shikastlangan yuzi, burni, chap ko‘kragi, qo‘lidan chiqqan qon misoli favvora yanglig‘ otildi. Quanish endi voqeaning nav­batdagi guvohi — qaynonasi Shnigul Tureniyazova tomon otildi. Pichoq uning badaniga ham bir necha marta sanchildi. Xayriyatki, hayotini xavf ostiga qo‘yadigan alfozdagi jarohatdan omon qoldi. Shu yerda hozir bo‘lganlar nihoyat, Quanishning qo‘lidagi pichoqni tortib olishga muvaffaq bo‘lishdi.

Bir necha soniyadan so‘ng og‘ir jarohat olgan uchala fuqaroni bag‘riga olgan mashina «Shoshilinch yordam» shifoxonasi tomon yo‘lga chiqdi.

Taassuf. O‘z kuyovi qo‘lidagi pichoqning ayovsiz zarbalariga duch kelgan O. Sarsenov ha­li mashinaga olib chiqilmayoq jon taslim qilib bo‘lgandi. SH. Tureniyazovaning hayoti saqlab qolindi. U ancha muddat shifoxonada qoldi. Shifokorlar badaniga 6 marta pichoq sanchilgan Alfiyaning hayotini saqlab qolish uchun ham astoydil kurashdilar. Afsuski, buning iloji bo‘l­madi. Oradan 2 kun o‘tgach, u ham omonatini topshirdi. Qattol er bir yo‘la ikki kishining umriga zomin bo‘lib, uchinchisining hayotiga qasd qilganidan zarrachayam afsuslanmadi.

Qotillika qo‘l urgan kimsaning hovri tergov harakatlari boshlanganidan so‘nggina bosildi. Boshi toshga tekkani, ko‘zi moshday ochilgani, dili dardga limmo-limligini pushaymonlik ohangida bayon etishdan bo‘lak jo‘yali bahona topolmadi. Shunday bo‘l­sa-da, aybini qisman tan oldi. Pichoqni qo‘lga ilgancha huzuridagi mehmonlar tomon tashlangani, uni bir yo‘la uch kishining badaniga takror-takror sanchganini inkor et­di, tig‘ga kimlardir tasodifan ro‘para kelganini tasdiqlash payida bo‘ldi.

Tergov organi o‘z umr yo‘l­doshi va qaynotasini shaf­qat­sizlarcha o‘ldirgan kimsaning o‘ta og‘ir qilmishini Ji­noyat kodeksining qotillikda ifodalanuvchi 97-moddasi ikkinchi qismi «a», «g», «j», «i» bandlari, ya’­ni ikki yoki undan ortiq shaxsni, o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsni yoki uning yaqin qa­rin­dosh­la­ri­ni o‘ta shafqatsizlik bilan, tamagirlik niyatida o‘ldirish holatlari, qaynonasi hayotiga tajovuz qi­lish bilan bog‘liq xatti-harakatini esa, suiqasdga taalluqli 25, 97-moddasining yuqorida zikr qilingan qism hamda bandlari bo‘yicha ayb­ladi.

Ishni sudda ko‘rish asnosida shaharchada ro‘y bergan dahshatli qotillikning so­vuq turqi bor vajohati bilan namoyon bo‘ldi.

To‘plangan barcha dalil va hujjatlar, guvohlikka oid ma’lumotlar ayb to‘laligicha sudlanuvchining gardanida ekanligini ko‘r­satdi.

Ayni paytda ayrim holatlarga aniqlik ham kiritildi. Mash’um qilmish tergov hujjatlarida aksini topganidek, tamagirlik, xususan, pirovardida aliment to‘lash majburiyatidan qutulib qo­lish niya­tida amalga oshirilmagani ma’lum bo‘l­di. Ikki yoki undan ortiq shaxsni, o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan o‘ldirish bo‘yicha qo‘yilgan aybga ham uning daxli yo‘q. Shu munosabat bilan sud Jinoyat kodeksining 97 va 25, 97-moddalari 2-qis­mi ush­bu ikkala holatni nazarda tutuvchi «j» va «i» bandlarini jinoyat ishidan soqit etishni maqsadga muvofiq, deb topdi.

Taassufki, qilmish shundog‘am og‘ir. Dahshatli qilmish bois bir yo‘­la ikki nafar begunoh inson: 1966 yil tug‘ilgan Orazali Sarsenov va uning 1996 yil tug‘ilgan va hali chorak asr ham umr ko‘r­magan qizi, mur­g‘akkina farzandning onasi Alfiya Bekjasarova hayotdan bevaqt ko‘z yumishgan. Yana bir mushtipar ayol Shnigul Tureniyazova bir paytning o‘zida ham ko‘z ochib ko‘r­gan turmush o‘r­to­g‘i, ham suyukli qizidan ju­do bo‘lgan. Bu ham kamlik qilgandek o‘zi ham og‘ir tan jarohati olgan. Insoniylik qiyofasini allaqachon yo‘qotgan kimsaning o‘ta og‘ir jinoiy kirdikori bunga sa­bab bo‘lgan. Bu — fakt. Uni hech kim inkor etolmaydi. Biroq sinchiklab razm solinsa,ushbu qora qilmish ortidagi ba’­­zi bir nojo‘ya holatlar ham ko‘zga chalinadi. Nazarimizda, ayrimlar qosh qo‘yish o‘rniga ko‘z chiqarishgan. Xonadonda yuzaga kelgan noxush vaziyatni murosayu madora muhiti ostida, oqilu donolik, bosiq-vazminlik bilan bartaraf etish o‘rniga, shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yishgan. Yetilib kelayotgan fojianing ildiziga bolta urish kabi xayru savob amallarga panja orasidan qa­rashgan. Xonadonda yuz bergan dahshatli qotilikka oid ish­ni ko‘rib chiqqan jinoyat ishlari bo‘yicha vi­loyat­ sudi masalaning bu jihatini ham e’tibordan soqit etmadi.

Xususiy aj­rim chiqarib, mash’um fojiaga daxldor bo‘lgan shaxslarning xatti-harakatini keskin qoraladi, kelgusida bo‘y ko‘rsatishi ehtimol tutilgan shu va shu singari ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish masalasini kun tartibiga qo‘ydi.

Sudlanuvchi K. Sultonovning ay­bi ko‘­lamlari ham hech kimda shubha uyg‘otmadi. Achinarli tarafi shun­daki, sudlov jarayonida uning qilmishini yengillashtirib, kamroq jazo chorasi bilan kifoyalanishni taqozo etadigan jihatlar deyarli topilmadi.

Mash’um qilmishning bari jazoni og‘ir­­lashtirishga olib keluvchi holat va vaziyatlarda sodir etilgani ma’lum bo‘l­di. Sud muhokamasi chog‘i bularning bari nazarda tutildi. Ja­zo qilmishga yarasha bo‘ldi. Ayblanuvchi Jinoyat kodeksining zikr etilgan har ikkala moddasi bo‘­yicha jazolarni bir-biriga qisman qo‘shish yo‘li bilan 19 yil muddatga ozodlikdan mah­rum etildi.

Xo‘sh, bir yo‘la ikki begunoh kishining umriga nuqta qo‘y­gan, uchinchisini og‘ir yaralagan kimsani qay nom bilan atamoq kerak?!

Uning vahshiy jonzotlardan qanday farqi bor?! Kuni kelar, uzoq yillik ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan mahkum (u hozir 34 yoshda) balki jamiyat bag‘riga ham qaytar. Uning pushti kamaridan tug‘ilgan farzand, bu paytga kelib, albatta, yigit yoshiga ham (u ayni kezda buvisi Xadicha O‘taganovanning tarbiyasida va unga nisbatan vasiylik masalasini hal etish majburiyati Urganch tumani hokimi zimmasiga yuklatilgan) yetar. Biroq u endi o‘z onaizorining qotili — ji­noyat­chi otani kim deya atar ekan? Boshqalar-chi? U el-ulus xotiriga insoniylikka isnod keltirgan vahshiy suvratida muhrlanib qolmasmikan? El chindan ham, insoniylikni suyadi, alqaydi, qadrlaydi. Unga shak keltirganlarni esa, o‘ziga hech mahal el sanamaydi. El nazaridan qolishdan ham ko‘ra og‘irroq va davomliroq jazo yo‘q. Insonning haqi­qiy fojiasi ham — shu.

Odamlar nazaridan qo­lish — o‘lim bilan barobar. Buni sho‘r peshonasiga qotil nomi bitilgan badxulq kimsaning o‘zi ham idrok etayaptimikan? Basharti, bunga fahmi yetayotgan bo‘lsa, shuning o‘zi unga bir umrlik jazo. Qilmishning qidirmishi — bu yang­lig‘ og‘ir qismat, muqarrar jazo hamma-hammani xushyor torttirmog‘i, illatlarga qar­shi murosasiz kurashga chorlamog‘i darkor.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!