Farg‘onadan Istanbulga dastlabki parvoz amalga oshirildi
Bugun, 31 mart kuni Farg‘ona xalqaro aeroportidan Turkiyaning Istanbul shahriga «O‘zbekiston havo yo‘llari» ning HY277 raqamli reysi bilan ilk parvoz amalga oshirildi.
Airbus A320 Neo havo kemasi bortida 132 nafar yo‘lovchi soat 8:50 da Istanbulga uchib ketishdi. 5 soat 40 minut davom etadigan parvoz yakunida samolyot Istanbul xalqaro aeroportiga qo‘nadi.
Ushbu parvozni amalga oshirgan samolyot bugun Turkiya soati bilan 14:00 da Istanbuldan qayta Farg‘onaga HY278 raqamli reys bilan qaytadi va soat 20:50 da Farg‘ona xalqaro aeroportiga yetib keladi.
Farg‘ona viloyatining Turkiya bilan to‘g‘ridan hamkorlik munosabatlari kun sayin yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Farg‘ona-Istanbul-Farg‘ona yo‘nalishida parvozlarning yo‘lga qo‘yilishi ham investisiya, savdo-sotiq, turizm va boshqa ko‘plab sohalardagi aloqalarni kuchaytirishi shubhasiz.
O‘z navbatida dunyoning yetakchi aviakompaniyasi –«Turk havo yo‘llari» («Turkish Airlines») ham Istanbuldan Farg‘onaga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.