Farg‘onada kelinni aldab, to‘y kuni qochib ketgan kuyov 6 yilga qamaldi

Farg‘onada kelinni aldab, to‘y kuni qochib ketgan kuyov 6 yilga qamaldi

Mazkur ish JIB Quva tumani sudida bir ayolni aldab, pullarini o‘zlashtirgan kuyovga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, farg‘onalik D.Safarova televizor ko‘rib o‘tirib, TV reklamasida e’lon qilingan mahsulotni buyurtma berish uchun ko‘rsatilgan raqamga qo‘ng‘iroq qiladi. Oradan bir necha kun o‘tib o‘zini reklama qilingan mahsulot korxonasidan deya tanishtirgan K.Shuhratov (taraflarning ismi-familiyasi o‘zgartirilgan) telefon qilib, uning buyurtmasi bo‘yicha ayrim masalalarni aniqlab olishi kerakligini aytib suhbat boshlaydi.

K.Shuhratov suhbat davomida D.Safarovaning o‘qishni tamomlab ishlayotgani, turmushga chiqmagani, oilasi va boshqa ma’lumotlarni batafsil so‘rab oladi. Shundan so‘ng, K.Shuhratov o‘zining g‘araz maqsadini amalga oshirish rejasini tuzadi va bir necha kundan so‘ng Toshkentdan Marg‘ilon shahriga keladi.

D.Safarova uni izlab kelgan K.Shuhratovni ko‘rgach, go‘yoki "bir necha yildan buyon o‘zi kutgan insonni uchratgandek bo‘ladi". Yigitning barcha talablarini hech shubhalanmay bajaradi. Jumladan, K.Shuhratov unga uylanish maqsadida "uyini ta’mirlash uchun" pul so‘raganda, to‘plab yurgan barcha pullarini beradi. Yigit uni deb tayyor ishini tashlab kelganini aytadi, kelgusida taksichi bo‘lib ishlashi uchun mashina sotib olishga yordam so‘raganda, hech ikkilanmay ota-onasidan pul olib beradi.

Bundan tashqari kredit do‘konlaridan va tijorat banklaridan pul hamda turli tovarlar olib berishni iltimos qiladi. D.Safarova bu talablarni ham bajaradi.

Ma’lum qilinishicha, K.Shuhratov D.Safarova to‘ygacha nikohdan o‘tib, yashab turish taklifini beradi. So‘ng, D.Safarova nikoh o‘qitib o‘z uyidan K.Shuhratovga joy beradi. Ro‘zg‘or xarajatlarini barchasini D.Safarovaning o‘zi ko‘taradi.

D.Safarovaning ota-onasi va aka-ukalari "kuyovdan" to‘y qilishni, nikohni el-yurtga oshkor qilishni so‘ray boshlaydi. K.Shuhratov Farg‘ona shahridagi to‘yxonada dabdabali to‘y qilishiga D.Safarova va uning yaqinlarini ishontirib, to‘y kunini belgilaydi. Hatto taklifnomalarni D.Safarovaning yaqinlariga tarqatib, hammani to‘yga taklif etadi.

Shundan so‘ng, K.Shuhratov kelin va uning yaqinlarini to‘plab ularga qimmatbaho to‘yxonada katta to‘y qilish uchun ancha qarz bo‘lib qolganini, o‘ziga yana biroz yordam kerakligini aytib ularni ishontiradi. Barchaning to‘yona pullarini yig‘ishtirib olib Toshkent viloyatiga qochib ketadi.

K.Shuhratovga Jinoyat Kodeksining tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan. Aniqlanishicha, K.Shuhratov oilali, ikki nafar farzandi bor ekan. Ularga ishlab, pul topib kelishini aytib, uyidan chiqib ketgan.

Sudda ham K.Shuhratov o‘zi yetkazgan zararlarni qoplash o‘rniga, oilasidan ajrashib D.Safarovaga uylanishini aytadi. Ammo, D.Safarova bunga ishonmaydi.

Sud hukmi bilan firibgar K.Shuhratovga 6 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!