«EpiVakKorona»: Rossiyada yaratilgan koronavirusga qarshi ikkinchi vaksina uchun uchta patent berildi

«EpiVakKorona»: Rossiyada yaratilgan koronavirusga qarshi ikkinchi vaksina uchun uchta patent berildi

Rossiyaning «Vektor» virusologiya va biotexnologiya davlat ilmiy markazi koronavirusga qarshi vaksina uchun patent oldi. Yaratilgan vaksina uchun uchta patent berildi, ularning har biri virusning modifikasiya qilingan ma’lum bir qismi uchun taqdim etildi.

«Novosibirsklik olimlar virusning uch qismi — sintetik peptid antigenlardan iborat bo‘lgan vaksinani yaratdi. Ular asosidagi vaksina COVID-19’ga qarshi immun reaksiyasini yuzaga keltiradi va keyinchalik immunitet rivojlanishiga xizmat qiladi», — deyiladi «Rospatent» tomonidan berilgan xabarda.

«Vektor» markazi tomonidan yaratilgan vaksina «EpiVakKorona» nomini oldi va Rossiyada patentlangan ikkinchi vaksina bo‘ldi.

Rossiyada patentlangan va ro‘yxatga olingan COVID-19’ga qarshi birinchi vaksina Gamaleya nomidagi epidemiologiya va mikrobiologiya markazi tomonidan yaratilgan «Sputnik-V» vaksinasi hisoblanadi. Uning sinovlari hali to‘liq yakuniga yetmagan.

Sentyabr oyida Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga qarshi uchinchi vaksinaning sinovlariga ruxsat berdi. Mazkur vaksina Rossiya Fanlar akademiyasining Chumakov nomidagi immunobiologik dorilar yaratish va tadqiq qilish ilmiy markazi tomonidan yaratilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!