Diqqat! O‘zbekistonlik modelyerlar Seuldagi Asia Model Festival xalqaro modalar festivalida qatnashadi

Diqqat! O‘zbekistonlik modelyerlar Seuldagi Asia Model Festival xalqaro modalar festivalida qatnashadi

O‘zbekistonlik yosh modelyerlar Jahongir Abdumalikov va Mohinur Yusupova Janubiy Koreyaning Seul shahrida o‘tkaziladigan Asia Model Festival festivalida ishtirok etadi. Bu haqda Turon24 xabar bermoqda.

Asos solinganiga 14 yil bo‘lgan bu festival har yili 5000 dan ortiq tomoshabinni jalb etgan katta shou tarzida o‘tkazib kelinmoqda. Unda taniqli model, pop san’ati yulduzlari, aktyorlar, moda va go‘zallik industriyasining yetakchi arboblari mehmon sifatida qatnashadi.

Turon24 muxbiri o‘zbekistonlik modellarning bu tanlovdagi ishtiroki haqida oktyabr oyida Toshkentda o‘tkazilgan Face of Central Asia Uzbekistan tanlovi tashkilotchisi, Parade Allez model and event agency modellik agentligi rahbari Darya Masalskaya bilan suhbatlashdi.

«Koreyadadagi tanlov finalida ishtirok etish juda katta mas’uliyat talab etadi. Osiyo davlatlari o‘rtasida madaniy tajriba almashish maqsadida o‘tkaziladigan bu festivalda dunyoning eng taniqli dizaynerlari ham qatnashib, o‘z brendlari taqdimotini ham o‘tkazadi. Shuning uchun har yili Markaziy Osiyo davlatlari modellari o‘rtasida maxsus Face of Central Asia tanlovi tashkil etiladi va bu yarim final hisoblanadi. O‘tgan oy agentligimiz birinchi marta bu tanlovning saralash bosqichini Toshkentda o‘tkazdi. Ilgari mazkur jarayon ochiq kasting asosida bo‘lardi.

Tashkil etilgan saralash tanlovimizda 18 nafar yigit-qiz qatnashdi. Olingan natijalarga ko‘ra bizning davlatimizdan aynan kimlar Koreyada o‘tkaziladigan Face of Asia 2019 tanlovida qatnashishi aniqlandi.

Go‘zallik va feyshn-industriya vakillaridan Milana Zingerman, «Talisman» va «Fashion terapiya» ayollar klubi asoschisi Madinabonu Ismoilova, «Apiteks» kompaniyasi direktori Aleksandr Vereshagin, kinoprodyuser, model va aktrisa Sitora Islomova hay’at a’zosi bo‘lgan saralash tanloviga Korea Model Association vakili Kan Xara rahbarlik qildi. O‘tkazilgan barcha saralash bosqichlaridan keyin O‘zbekistondan Face of Central Asia Uzbekistan 2019 da ishtirok etuvchilar aniqlandi.

Natijalarga ko‘ra Georgiy Velichugin, Naimjon Yoqubov, Zilola Ro‘ziyeva, Mohinur Yusupova, Jahongir Abdumalikov va Aynura Amanbayeva g‘olib deb topildi. Ular orasidan Jahongir Abdumalikov va Mohinur Yusupova Seuldagi Asia Model Festival xalqaro modalar festivalida qatnashish imkonini qo‘lga kiritdi», – dedi Darya Masalskaya.

Aytish joiz, Asia Model Festival nafaqat tashqi go‘zallik, balki o‘z mamlakati va uning madaniyatini butun dunyoga munosib tarzda taqdim etish imkoni hamdir. Mazkur tanlovning final bosqichi Janubiy Koreya va 127 mamlakatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!