Bo‘lajak va yosh kelinlarga ibrat

A A A
Bo‘lajak va yosh kelinlarga ibrat

Bundan bir necha yillar oldin kollejda o‘qib yurgan kezlarimiz bir o‘qituvchimiz bo‘lar edi. O‘qituvchimiz o‘z fani yuzasidan aslo dars o‘tmas, doimo hayot falsafasi haqida tinmay hikoya qilar edi. Tabiiyki, bu holdan barcha kursdoshlarimizning ensasi qotar va “Bo‘lar - bo‘lmas gaplarni aytguncha, darsini o‘tsa bo‘lmas ekanmi?" degan iddaolarni ko‘p aytar edik. Bizning guruhimizda 30 nafar qiz o‘qir, barchasi turli tumanlardan edi. O‘sha o‘qituvchimiz "Bu gaplarim sizga hayot yo‘lida ko‘p asqotadi", deya qayta-qayta takrorlar edi. Yosh bo‘lganimiz uchun o‘sha o‘qituvchining biror gapini e’tiborga olmas edik...

Shunday kunlarning birida o‘qituvchimiz navbatdagi "Hayot darsi"ni boshladilar. "Kecha ajoyib va qiziqarli voqeaning guvohi bo‘ldim. Ishonasizlarmi, shahrimizdan ancha olisga, tabiat qo‘yniga chiqqan edim. Ikki daryo  Qoradaryo va Oqdaryoning qo‘shilish joyini kuzatishga muvaffaq bo‘ldim. Ikki daryoning ulashgan joyida ajib mo‘’jizani ko‘rdim. Daryolar qo‘shilib shiddat bilan oqar edi, ammo o‘n metr joygacha Oqdaryoning suvi tiniq bo‘lib alohida, Qora daryoning suvi loyqa bo‘lib alohida oqar edi. 10 metrdan so‘ng daryolarning suvi qo‘shilib ketdi. Bu mo‘’jizadan xulosa shuki, siz ertaga turmushga chiqasiz, bir xonadonning bekasiga aylanasiz. 10 yilgacha u xonadon bilan qo‘shilishingiz qiyin kechadi. Agar siz sabr qilib, o‘sha xonadonga moslashsangiz, 10 yildan so‘ng o‘sha tushgan xonadoningizga aralashib, haqiqiy bekaga aylanasiz. Bu gapim aslo yodingizdan chiqmasin", dedilar. Men o‘sha payt ustozning gaplariga e’tibor qilmadim, ammo ulg‘ayib, oila deb atalmish hayot bog‘iga qadam qo‘yganimdagina u gaplarning mag‘zini chaqib, haqiqat ekaniga ishonch hosil qildim.

Har bir katta hayot ostonasida turgan bo‘lajak kelinlar hamda yosh kelinlar turmushga chiqqach, 10 yil sabr qiling. 10 yildan so‘ng siz o‘sha xonadoningizga tosh bo‘lib o‘rnashasiz, haqiqiy malikaga aylanasiz. Bunga men va ustozimning ibratli hikoyasi ayni misol bo‘la oladi...

Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on shahar 11- IDUM boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi
Saida Ilmuradova


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!