Bedana boqib millioner bo‘lgan odam

Bedana boqib millioner bo‘lgan odam
Mamlakatimizda tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, oilasi farovonligi va jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan insonlar juda ko‘p. Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani Ittifoq mahallasida yashovchi O‘tkir Mirzaaliyev shulardan biri.
O‘tkir aka Sayxunobod tumani telekommunikasiya bog‘lanmasida ishlaydi. Ishdan ajralmagan holda oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. Ya’ni, uyida bedana boqadi va ko‘paytiradi.
Prezidentimiz shu hafta Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida Mirzaobod tumanidagi Bek klaster mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxona tomonidan tashkil etilgan paxtani qayta ishlash zavodi faoliyati bilan tanishish jarayonida bir guruh naslli yilqichilik, chorvachilik va parrandachilik bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlar bilan uchrashgan edi.
Bedana boqish va ko‘paytirish daromadli soha, deydi O‘. Mirzaaliyev. To‘g‘ri, bedananing vazni yengil, tuxumlari ham mayda. Ammo bedana go‘shti va tuxumi shifobaxshligi sababli unga doim talab yuqori bo‘lgan. Hozir uyimizda 3 mingga yaqin bedana bor. Kuniga o‘rtacha 2500-2600 ta tuxum olamiz. Bir dona tuxum o‘rtacha 250-300 so‘mdan sotiladi. Oyiga olti million so‘m sof foyda olyapmiz. Bundan tashqari, bedanani ko‘paytirib sotamiz. Shuning ortidan ikki o‘g‘il bir qizni hech kimdan kam qilmay tarbiyaladim. Farzandlarimni o‘qitdim, hammasi oilali. Namunaviy uylardan olganmiz. Prezidentimizga faoliyatimiz haqida gapirib berganimda juda xursand bo‘ldilar, tadbirkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdilar.
O‘tkir aka joriy yilda kamida ellik oilaga bedanachilikni yo‘lga qo‘yishda yordam berishni niyat qilgan. Sayxunobod tumani hokimligi qafas yasash va boshqa tashkiliy ishlarda ko‘maklashadigan bo‘ldi. Bu ishlarning amalga oshishi yana o‘nlab oilalar farovonligiga xizmat qiladi.
Darvoqe, O‘tkir aka ko‘p kitob o‘qiydi, soha mutaxassislari bilan doimo muloqot qilib turadi. U kishining aytishicha, bedana bir yilda 250-300 dona tuxum qo‘yarkan. Tuxumi tovuqnikiga nisbatan bir necha barobar foydali xususiyatlarga ega. Kaliy 5, temir 4,5, V1 va V2 vitaminlari 2,5 barobarga ko‘p. A vitamini, nikotin kislotasi, fosfor, mis, lizosim, kumush va boshqa aminokislotalar ham anchagina. Oqsil moddasi ham boshqa parrandalar tuxumiga nisbatan yuqori.
Bedana tuxumini doimiy iste’mol qilish insonning qon bosimini me’yoriga keltirib, immunitetni kuchaytiradi, yurak-qon tomir faoliyatini yaxshilaydi, soch va tishlar to‘kilishining oldini oladi. Bundan tashqari, asab tizimi buzilishi, kamqonlik, gipertonik kasalliklar, bronxial astma va qandli diabetda ham foydali ekan.
Yana bir tomoni, bedananing tana harorati 40 dan yuqori bo‘lib, kasalliklarga chidamli.
... Davlatimiz rahbari viloyatlarga tashriflari chog‘ida hayhotdek tomorqasiga hatto bir tup ham daraxt ekmagan ayrim yurtdoshlarimiz haqida doimo kuyinib gapiradilar. O‘tkir aka singari tadbirkor odamlar ular uchun har tomonlama o‘rnak. Ular qancha ko‘paysa, jamiyatga shuncha foydali. Bugungi zamon shiddati har birimizdan qaysi soha vakili bo‘lishdan qat’i nazar, o‘zgarishni, ana shu shiddatga mos harakat qilishni talab etyapti. Zero, dono xalqimiz aytganidek, harakatda barakat bor.
Manba: uza.uz

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!