Ashxobodda tibbiy niqoblar narxi 14 baravar oshdi

Ashxobodda tibbiy niqoblar narxi 14 baravar oshdi

So‘nggi kunlarda Turkmaniston poytaxti Ashxobodda tibbiy niqoblarga talab oshdi, shu sababli ularning narxi hafta davomida 14 baravarga oshdi, deb xabar bermoqda Turkmen.news.

Bir hafta avval niqoblarning beshtasi 2,5 manat (rasmiy kurs bo‘yicha 0,7 dollar, «qora bozor» kursi bo‘yicha 0,1 dollar)dan sotilgan bo‘lsa, chorshanba, 8 iyuldan boshlab birgina niqobning narxi 7 manat (mos ravishda 2 va 3 dollar)ni tashkil etgan.

Nashrning yozishicha, shu haftada poytaxtda yo‘l harakati polisiyasi va post xodimlari, shuningdek, jamoat transporti xodimlari niqoblar taqishni boshladi.

7 iyul kuni davlatga qarashli «Neytral Turkmaniston» gazetasi Sog‘liqni saqlash vazirligining havoda chang va zararli moddalarning ko‘paygani sababli xizmat ko‘rsatish sohasidagi ishchilar niqob taqishlari kerakligi haqidagi xabarini e’lon qilgan.

So‘nggi kunlarda mamlakatda sanitariya tadbirlarini o‘tkazish faollashmoqda. Jamoat joylari va transport vositalari dezinfeksiya qilinmoqda. Ashxobodda konsertlar va moda namoyishlari, bolalar to‘garaklari to‘xtatilgan.

Shunday sharoitlar fonida prezident Gurbanguli Begdimuhamedov Sog‘liqni saqlash vazirligiga antivirus preparatlarini sotib olish bo‘yicha Rossiya dori-darmon ishlab chiqaruvchilari bilan shartnoma imzolashga ruxsat beruvchi farmonni imzolagan.

Mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tushunarsizligicha qolmoqda. Yashirin suhbatlarda shifokorlar mamlakatda virus borligini, qolaversa u «juda ko‘p»ligini tan olmoqda. 

Xususan, 8 iyul kuni Turkiya elchixonasi maslahatchisi ushbu kasallikdan vafot etgan. Turkmaniston TIV 7 iyul kuni e’lon qilgan press-relizida koronavirus Markaziy Osiyo mamlakatlarida havoda uzoq vaqt saqlanib qolishi mumkin bo‘lgan mayda aerozol tomchilari orqali tarqalgan bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan.

Turkmanistondagi kuzatuvchilar vaziyat nazoratdan chiqqanligi, endi koronavirus borligini va uning oqibatlarini yashirishning imkoni yo‘q deb hisoblamoqda. Turkmaniston TIV bunday bayonot bilan COVID-19 borligini tan olish uchun yo‘l ochmoqda. Biroq koronavirus tarqalishining asl darajasi, qurbonlar sonini katta ehtimol bilan oshkor etishmaydi.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganish uchun 6 iyuldan buyon Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti missiyasi bo‘lib turibdi. U infeksiya tarqalishi xavfini baholash uchun Turkmaniston kasalxonalari va laboratoriyalariga tashrif buyurishi lozim. Mamlakatga mutaxassislarning kirib kelishi bilan deyarli bir vaqtda Turkmaniston prezidenti va hukumati ta’tilga chiqib ketgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!