Alloh taologa eng sevimli kalimani bilasizmi?

Alloh taologa eng sevimli kalimani bilasizmi?

Subhanalloh – Alloh taologa eng sevimli kalima. Abu Zarr roziyallohu anhu aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: “Alloh taologa eng mahbub bo‘lgan kalomni aytaymi? Alloh taolo uchun kalomlarning eng yaxshisi “Subhanallohi va bihamdihi”, deb aytishingdir”, dedilar".

Subhanalloh – aytishga oson, tarozida og‘ir keluvchi kalima. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ikki kalima borki, ular tilga yengil, tarozida og‘ir va Rahmonga mahbubdir. Ular: “Subhanallohi va bihamdihi, Subhanallohil a’ziym”, dedilar" (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Subhanalloh – Jannatda bog‘ bo‘luvchi kalima. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kimki: “Subhanallohi va bihamdihi” desa, u uchun jannatda bir xurmo ekiladi", dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Subhanalloh – eng afzal kalima. Sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Qaysi kalom afzal?” deb so‘rashdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Alloh farishtalari yoki bandalari aytishini ixtiyor qilgan “Subhanallohi va bihamdihi” kalimasidir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Subhanalloh – gunohlarga kafforat bo‘luvchi kalima. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim har namozdan keyin o‘ttiz uch marta tasbeh (Subhanalloh), o‘ttiz uch marta hamd (Alhamdulillah), o‘ttiz uch marta takbir (Allohu akbar) aytsa, jami to‘qson to‘qqiz bo‘ladi, yuzta bo‘lishiga: “Laa ilaaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva a’la kulli shayin qodiyr”ni aytsa, uning gunohlari dengiz ko‘piklari kabi bo‘lsa ham, mag‘firat qilinadi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Subhanalloh – xatolarni ketkazuvchi kalima. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim: “Subhanallohi va bihamdihi” deb bir kunda yuz marta aytsa, xatolari dengiz ko‘pigicha bo‘lsa ham kechib yuboriladi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Subhanallohi va bihamdihi a’dada xolqihi va rizo nafsihi va zinata arshihi va midada kalimatihi”, deb aytardilar (Imom Muslim rivoyati).

Davron NURMUHAMMAD


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!