“Afsuski, biz bunday ishlarga o‘rganib qolganmiz”: Shvesiyada masjidlarga hujum qilish va hijobli ayollarni haqorat qilishlar soni ortgan

“Afsuski, biz bunday ishlarga o‘rganib qolganmiz”: Shvesiyada masjidlarga hujum qilish va hijobli ayollarni haqorat qilishlar soni ortgan

Le Monde gazetasining yozishicha, so‘nggi yillarda Shvesiyada umuminsoniy qadr-qimmatni tushirishga qaratilgan musulmonlarga qarshi hujumlar soni ortgan. Bu kabi hodisalar butun mamlakat miqyosida keng tarqalgan bo‘lib, masjidlarga hujum qilish va hijobli ayollarni haqorat qilishdan tortib, ish joyida yoki jamiyatda islomga qarshi so‘zlarni aytish kabilarda namoyon bo‘lmoqda.

Skovdedan xabar bergan jurnalist Anne-Fransuaza Xivert 2023 yilda ochilgan Skovde masjidiga yovvoyi cho‘chqa go‘shti tashlab ketilgan voqeani tasvirlab berdi. Jinoyatchi qilmishi Bosniya islom uyushmasi tomonidan o‘rnatilgan videokuzatuv kameralari tomonidan yozib olinganidan bexabar bo‘lgan.

“Afsuski, biz bunday ishlarga o‘rganib qolganmiz”, – deydi uyushma a’zosi Mirza Babovich (66). U eski namozxonlar zalida islomga qarshi ramzlar chizilgani, qurilish maydonchasiga cho‘chqa qoldiqlari tashlab ketilgani va deraza oynalari sindirib ketilgani kabi holatlarni esga oldi.

Imom Samajo Sahat Yevropada Islomga qarshi ritorikalar jo‘rligida bo‘lib o‘tgan umumevropa saylovlaridan bir necha kun muqaddam sodir bo‘lgan yana bir salbiy hodisa to‘g‘risida polisiyaga shikoyat qilgani, biroq bu kabi holatlar reklama qilinmasligi hamda boshqalar xayolida ularni sodir etish fikrini uyg‘otmaslik maqsadida bu haqda matbuotga ma’lum qilmaganini aytdi. Biroq mahalliy matbuot bu haqda xabar topib, keng yoritgan.

Shvesiyada Islomga qarshi gap-so‘zlar yuqori lavozimli siyosatchilar tomonidan ham baralla ta’kidlab kelinadi. Xususan, o‘ta o‘ng partiya yetakchisi Jimmi Akesson 2023 yil noyabr oyida masjidlarni vayron qilish, yangilarini qurishni taqiqlash va islomiy jamoalar ustidan nazorat o‘rnatishni xohlayotganini aytgan edi. Uning o‘rinbosari Richard Jomshoff esa jamoat joylarida barcha islomiy ramzlarni fashistlar ramziga o‘xshatib, ularni taqiqlashga chaqirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda hukmron koalisiya tarkibiga kiruvchi o‘ta o‘ng partiya vakillari “shvedlar o‘z mamlakatlarida ozchilikka aylanmoqchi” deya “Shvesiyaning islomlashuvini” qoralashda davom etmoqda. Jimmi Akessonning aytishicha, musulmonlar "Shvesiya uchun eng katta xavf"dir. Boshqa guruhlar ham Yevropa saylovlari oldidan ushbu ritorikadan foydalana boshladilar.

Xristian Demokratik partiyasi yetakchisi, hukumatdagi ikkinchi raqamli shaxs hisoblangan Eba Bush Shvesiyada “islomning yuksalishi bilan bog‘liq katta muammo” borligini va musulmonlar “hijob o‘ramaydigan ayollarni toshbo‘ron qilish hamda gomoseksuallarni osmono‘par binolardan pastga uloqtirishga tayyor” ekanini aytdi.

Bu kabi izohlar Volvo zavodi ishchisi, 47 yoshli Masud Babichni hayratda qoldirdi, u musulmonlarni potensial "jinoyatchi yoki terrorchi" sifatida ko‘rsatish davom etayotganidan g‘azablangan. Uning ta’kidlashicha, qizlari maktabda yoki ish qidirayotganda kamsitishlarga duchor bo‘lishlaridan qo‘rqib, ijtimoiy tarmoqlarga masjid tadbirlarida tushgan suratlarini joylashtirishni to‘xtatgan.

1995 yildagi urush vaqtida Sarayevodan qochgan Samajo Sahat Shvesiyani tanimayotgani ta’kidlab, uni “butunlay boshqa davlat” deb ataydi. Skovde kasalxonasida ham ishlaydigan imom siyosiy yetakchilarni musulmonlarni haqorat qilish va qo‘rqitishni qonuniylashtirganlikda ayblaydi.

Huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha kengashning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda islomga qarshi harakatlar yuzasidan 234 ta murojaat tushgan. Biroq, tahlilchi Liza Uollenga ko‘ra, bu raqamlar haqiqiy holatni anglatmaydi, chunki kam sonli odamlar shikoyat qilishga jur’at etadi. Uning ta’kidlashicha, 160 ming qochqinning, asosan, Yaqin Sharqdan kelganlari “so‘nggi tomchi” bo‘lgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!