Afg‘on huquq himoyachisi qamoqxonada “Tolibon” tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchradi — The Guardian

Afg‘on huquq himoyachisi qamoqxonada “Tolibon” tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchradi — The Guardian

Afg‘onistonda “Tolibon” rejimiga qarshi chiqqan mahalliy huquq himoyachisi “Tolibon” qamoqxonasida guruh vakillari tomonidan jinsiy tajovuzga uchradi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, qurollangan shaxslar “Tolibon” qamoqxonasi devorlari ichida afg‘on huquq himoyachisini guruh bo‘lib zo‘rlagan va qiynoqqa solgan. Ular zo‘ravonlik harakatini telefonlariga suratga olishgan va keyinroq videoni jabrlanuvchiga yuborishgan. “Tolibon” agar qurbon guruhga qarshi kurashda davom etsa, videoni tarqatish bilan tahdid qilgan.

Ayolning tushuntirishicha, u “Tolibon”ga qarshi ommaviy namoyishda qatnashgani uchun hibsga olingan va hibsda bo‘lganida zo‘rlangan. Shundan so‘ng ayol Afg‘onistonni tark etishga muvaffaq bo‘lgan. Videotasvir unga mamlakatdan tashqarida “Tolibon”ga qarshi yana gapirganidan keyin yuborilgan.

The Guardian’ning yozishicha, Afg‘onistonda qamoqxonada saqlanayotgan ayollarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik holatlari ko‘payib bormoqda. Avvalroq “Tolibon” zino uchun ayollarni ommaviy kaltaklash va toshbo‘ron qilish qayta boshlanganini e’lon qilgan edi. Shunga qaramay, faollar ommaviy namoyishlar uyushtirishda va “Tolibon” rejimini tanqid qilishda davom etmoqda.

“Tolibon” vakili Zabihulla Mujohid qamoqxonalarda ayollarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik keng tarqalgani haqidagi da’volarni rad etgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!