Toshkent shahar prokuraturasining katta prokurori prosessual tartibda ushlandi

Toshkent shahar prokuraturasining katta prokurori prosessual tartibda ushlandi

Sirdaryo viloyatida faoliyat yurituvchi, maxsus texnikalar bilan xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan MCHJ rahbari 2021 yilda ko‘p funksiyali burg‘ulash uskunasi olib kelish maqsadida Xitoy davlati kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi orqali shartnoma tuzadi hamda bankdan olgan 1 mln. 71 ming AQSh dollari miqdoridagi kredit mablag‘ini ushbu kompaniyaning hisob raqamiga o‘tkazib beradi. Ammo, shartnoma talablariga zid ravishda Xitoydan ko‘p funksiyali o‘rniga, bir funksiyali burg‘ulash uskunasi yuboriladi.

Natijada prokuratura organlari tomonidan xorijiy kompaniyaning mamlakatimizdagi vakillariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Jizzax viloyati IIB tomonidan tergov harakatlari olib boriladi.

Jinoyat ishi doirasida o‘tkazilgan ekspertizada mazkur uskuna ko‘p funksiyali ekanligi to‘g‘risida xulosa beriladi. Bundan norozi bo‘lgan tadbirkorga esa Toshkent shahrida yashovchi, 1969 y.t. shaxs o‘zining mansabdor tanishlari orqali uskunaning bir funksiyali ekanligi to‘g‘risida qayta ekspertiza tayinlatish bo‘yicha tergovchining qarorini chiqartirib, ekspertiza xulosasini uning foydasiga ijobiy hal qilib berishni taklif etadi va evaziga 155 ming AQSh dollari so‘raydi.
U 105 ming AQSh dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, mazkur shaxs ushbu masalani Toshkent shahar prokuraturasining ma’muriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash bo‘limi katta prokurori hamda uning vositachisi bo‘lgan, Toshkent shahridagi sug‘urta markazi rahbari orqali hal qilishi kerakligi ma’lum bo‘lib, ular ham prosessual tartibda ushlandi.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!