Abramov termadan ketadimi? Murabbiy o‘z uslubida javob qaytardi

Abramov termadan ketadimi? Murabbiy o‘z uslubida javob qaytardi
Xabaringiz bor, 5 iyun kuni OFK JCH-2022 saralash bosqichining yangi sanalarini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi shu yilning 13 oktyabr kuni Yaman mehmoni bo‘ladi, 12 noyabr kuni o‘z maydonimizda Singapurni qabul qilamiz va 17 noyabr kuni safarda Saudiya Arabistoni bian kuch sinashamiz.

Ko‘rib turganingizdek, ushbu bosqichda uchta o‘yin qolgan va shundan ikkitasini safarda, bittasini uyda o‘tkazamiz. Yangi taqvim ma’lum bo‘lgach, "championat asia" milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi Vadim Abramovdan qisqacha intervyu oldi.

- Vadim Karlenovich, OFK e’lon qilgan JCH-2022 saralash bahslarining yangi taqvimi bo‘yicha fikringiz? 

- Eng muhimi, o‘yinlar qachon bo‘lib o‘tishini vaqtliroq bilganimiz bo‘ldi. Albatta, oktyabrgacha hali vaqt bor va bizda yaxshi tayyorgarlik uchun imkon bo‘ladi deb o‘ylayman. Eng muhimi esa o‘sha paytga kelib terma jamoaning qanday holatda bo‘lishi.

- Navbatdagi uchta o‘yinga tayyorgarlik qay tarzda olib boriladi? 

- Bu borada dastlabki yig‘inni sentyabr oyida o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Chunki buyog‘iga Superliga klublari tig‘iz taqvimda o‘ynaydi va yozda terma jamoani yig‘ishga fursat bo‘lmaydi. Sentyabrda esa FIFA kunlari bor. Shu bois kuzning birinchi oyida ilk yig‘inni o‘tkazmoqchimiz. Ushbu yig‘in chog‘ida hech bo‘lmasa bitta o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishga harakat qilamiz.

- Tojikistonga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishimiz mumkin ekan. 

- Ha, shunday gap bor va bu borada ish olib borilyapti. Lekin rasman aniq bo‘lmaguncha bir narsa deyish qiyin. Jahon chempionatiga saralashni 13 oktyabrdan davom ettiramiz, shu kuni safarda Yaman mehmoni bo‘lamiz. Bu o‘yingacha ham bitta o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishni reja qilganmiz.

- Vaziyatda shundayki, biz qolgan uchta o‘yindan ikkitasini safarda, asosiy raqibimiz Saudiya Arabistoni esa to‘rtta o‘yindan uchtasini o‘z maydonida o‘tkazadi. 

- Eng muhimi, biz safarda Yamanni yutib kelishimiz kerak. Chunki bu o‘yinga ko‘p narsa bog‘liq. Men vaziyatni yaxshi tushunib turibman, bizda uchta o‘yin qolgan, saudiyaliklarda esa to‘rtta. Lekin bu bilan vahimaga berilish kerak emas. Eng muhimi, biz ulardan bir ochko oldindamiz. Agar Yaman va Singapurni mag‘lub etsak, Saudiya Arabistoniga ko‘tarinki kayfiyatda yo‘l olamiz va ularni ham yutib kelishga harakat qilamiz.

- Bilmadim, bu savolni berish qanchalik to‘g‘ri yo noto‘g‘ri. Shunga qaramay, sizning fikringiz ham qiziq. Yaqinda O‘zbekiston terma jamoasini Usmon Toshev boshqarishi mumkinligi haqida gap chiqdi? 

- Ha, men ham bu haqda eshitdim. Lekin nima deyishim mumkin? Bu savolni yaxshisi shu xabarni yozgan Shahboz Beg‘amovga bering. Chunki xabarni yozgan u. Shu bois gap nimadaligini mendan yaxshi biladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!