O‘zbekistonlik suzuvchilar olimpiadaga g‘irrom yo‘l bilan bilan chiqqanmi?

O‘zbekistonlik suzuvchilar olimpiadaga g‘irrom yo‘l bilan bilan chiqqanmi?

O‘zbekiston suzish federasiyasi bosh kotibi Alisher G‘aniyev ishdan olingan. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi rasmiy saytida bayonot paydo bo‘ldi. Unda aytilishicha, G‘aniyev vaqtincha o‘z lavozimidan chetlashtirilgan.

Quyida MOQning bayonoti aynan keltiriladi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi faoliyati davomida doimo Olimpizmning ezgu g‘oyalari va sportdagi halol raqobatni targ‘ib qilib kelgan. Barcha milliy federasiyalarni hamisha anti-doping va boshqa qoidalarga qat’iy rioya etishga, xalqaro musobaqalarni o‘tkazishda o‘rnatilgan tartiblarga bo‘ysunishga va ularni hurmat qilishga chaqirgan.

Turli internet nashrlarida O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligining taqvim rejasidan o‘rin olgan bo‘lib, Xalqaro suzish federasiyasi (FINA) shafeligida o‘tkazilgan suzish bo‘yicha lisenzion O‘zbekiston ochiq chempionatida yuz bergan vaziyat katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi ushbu holatga o‘z pozisiyasini quyidagicha bildirib o‘tadi:

O‘zbekiston suzish federasiyasining xabar berishicha, musobaqa yakunlanganidan keyin 2021 yilning 21 aprel sanasida unda ishtirok etgan hindistonlik sportchi Likit Selvarash Prema turnir davomida nohaqlikka yo‘l qo‘yilgani, mahalliy sportchilarning vaqtlari noto‘g‘ri ko‘rsatilgani haqidagi videomurojaatini “YouTube” ijtimoiy tarmog‘iga joylaydi.

Qayd etish joiz, lisenzion O‘zbekiston ochiq chempionatlariga Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbariyati doimiy tashrif buyurib turgan, o‘z navbatida, MOQ Tezkor shtab vakili Mirsardor Alimov ham musobaqani muntazam kuzatib borgan.

Musobaqadan so‘ng shu yerning o‘zida kichik yig‘ilish tashkil etib, tayyorgarlik jarayonini yanada kuchaytirish, mashg‘ulotlar sifatini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Turnirlar yakunlangach, O‘zbekiston suzish federasiyasi musobaqalar protokolini MOQga taqdim qilgan va unda 5 nafar atletimizning Tokio-2020 normativini bajargani ko‘rsatib o‘tilgan. Taqdim etilgan protokollarda belgilangan qoidalarning buzilishi, shu jumladan, keyinchalik hindistonlik suzuvchi tomonidan qayd etilgan voqea haqida ma’lum qilinmagan.

Shuningdek, biror xorijiy delegasiya tomonidan, jumladan, Hindiston jamoasi tomonidan mazkur lisenzion turnirlar bo‘yicha shikoyat yoki e’tiroz kelib tushmagan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston suzish federasiyasining ma’lumotiga ko‘ra, FINA ushbu turnirlarda qayd etilgan natijalarni tan olmadi. O‘zbekiston suzish federasiyasi bosh kotibi Alisher G‘aniyevning so‘zlariga ko‘ra, FINA bu bo‘yicha Toshkentga rasmiy xat jo‘natmagan. Biroq O‘zbekiston suzish federasiyasi bir necha bor FINAga taqdim etilgan ma’lumotlarga aniqlik kiritish uchun xabar yo‘llagan va hatto bu masala bo‘yicha Sport arbitraj sudiga (CAS) murojaat qilgan.

Yakunda esa xalqaro tashkilot yo‘llagan “Universal Place” asosida faqatgina 2 nafar hamyurtimiz Xurshidjon Tursunov va Natalya Kritinina Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olishdi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, shuningdek, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi rasmiy ravishda ushbu holat hech qanday sport tamoyillariga mos kelmasligini va Olimpizm qadriyatlariga mutlaqo zid ekanligini ma’lum qiladi. O‘z o‘rnida, boshqa federasiyalar va sport tashkilotlaridan ham belgilangan qoidalarga qat’iy rioya qilishni so‘raydi.

Shundan kelib chiqqan holda O‘zbekiston suzish federasiyasi Prezidiumidan quyidagilarni talab qiladi:

  1. Yuqoridagi vaziyatni ko‘rib chiqish, o‘rganish hamda unga huquqiy baho berish uchun Turizm va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi va O‘zbekiston suzish federasiyasi mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzish;
  2. Xalqaro suzish federasiyasidan (FINA) lisenzion musobaqada qayd etilgan natijalarning nima sababdan bekor qilingani haqidagi materiallarni taqdim qilishini so‘rash;
  3. Federasiya bosh kotibi Alisher G‘aniyevni vaqtincha o‘z lavozimidan chetlatilishini.

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!