O‘zbekiston – Turkiya: energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish bo‘yicha hamkorlik qiladi

O‘zbekiston – Turkiya: energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish bo‘yicha hamkorlik qiladi

Yaqinda O‘zbekiston delegasiyasi Turkiyada bo‘lib, qator kompaniyalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori Sherzod Xo‘jayev boshchiligidagi delegasiya «EPDK« kompaniyasi prezidenti Mustafo Yilmaz bilan uchrashdi.

Uchrashuvdan maqsad energetika sohasida Turkiya tajribasini o‘rganish va hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqishdir.

Muloqot chog‘ida Sherzod Xo‘jayev Prezidentimizning 2023 yil 28 sentyabrdagi farmoni asosida tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligiga elektr energiyasi bozori islohotini tezkorlik bilan amalga oshirish vazifasi yuklatilgani va bu jarayonda «EPDK« kompaniyasining tajribasi bilan o‘rtoqlashish amaliy natijaga ega ekanini qayd etdi.

O‘z navbatida, ushbu uchrashuv tomonlar uchun elektr energiyasini taqsimlash bo‘yicha xususiylashtirish va lisenziyalash masalalarida tajriba almashishda ham ahamiyatlidir.

«EPDK« kompaniyasi prezidenti Mustafo Yilmaz ham delegasiyaning tashrifidan mamnunligini bildirib, Turkiya o‘zining yetuk energiya bozorlari bilan mintaqasida o‘z o‘rniga egaligini, O‘zbekiston elektr energiyasi bozorini qayta qurish uchun har doim kerakli yordamni berishga tayyor ekanligini ta’kidladi.

Uchrashuvda mazkur kompaniya vakillari elektr energiyasi bozori, energiya konvertasiyasi, strategiya ishlab chiqish, tariflar kabi mavzularda keng qamrovli taqdimotlar o‘tkazdi.

Muloqot yakunida tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!