O‘zbekiston Prezidentining Tojikistonga davom etayotgan davlat tashrifi Rossiya ommaviy axborot vositalarining diqqat markazida

O‘zbekiston Prezidentining Tojikistonga davom etayotgan davlat tashrifi Rossiya ommaviy axborot vositalarining diqqat markazida

O‘zbekiston Prezidentining Tojikistonga davom etayotgan davlat tashrifi Rossiyaning yetakchi ommaviy axborot vositalari tomonidan keng yoritilmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Jumladan, "Mir 24" davlatlararo telekanali O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha davlat tashrifi bilan Tojikistonga kelgani haqidagi maqolani tarqatdi. Qayd etilganidek, aeroportda O‘zbekiston yetakchisini Tojikiston rahbari shaxsan kutib oldi.

"Dushanbe xalqaro aeroporti ikki mamlakat rahbarlarining shiorlari va davlat bayroqlari bilan bezatilgan. Davlat rahbarlari tashrif natijalari ikki mamlakat hamkorligi va do‘stligini mustahkamlash hamda kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar", – deya qayd etilgan manbada. Telekanal xabar berganidek, O‘zbekiston Prezidenti "Do‘stiy" maydoniga tashrif buyurib, Ismoil Somoniy haykali poyiga gul qo‘ydi.

"TASS" axborot agentligi tarqatgan xabarda O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon ikki mamlakatning madaniyat, ta’lim va turizm sohalaridagi hamkorligini yanada rivojlantirish tarafdori ekanini qayd etganlari alohida urg‘ulangan.

"Ikki mamlakat rahbarlari madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish, shu jumladan kino namoyishlari, konsertlar, spektakllar, ko‘rgazmalar va yoshlar forumlarini muntazam ravishda o‘tkazish muhimligini ta’kidladilar. Shuningdek, davlat rahbarlari ta’lim sohasida hamkorlikni kengaytirish, mavjud sayyohlik dasturlarini ishlab chiqish zarurligini qayd etdilar", – deyiladi maqolada.

Nashrda ta’kidlanishicha, Prezidentlar Markaziy Osiyoni rivojlantirish manfaatlari yo‘lida mintaqaviy tuzilmalar doirasida va xalqaro maydonlarda hamkorlikni davom ettirish istagini tasdiqladilar.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!