O‘zbekiston kubogi bahslari boshlandi

O‘zbekiston kubogi bahslari boshlandi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogi guruh bahslarining 1-turiga start berildi. Jami 32 jamoa 4 tadan 8 ta guruhga bo‘lingan holda bahslarga kirishishi belgilangan.

O‘z guruhlarida 1 va 2-o‘rinlarni egallagan jamoalar 1/16 finalida bir martalik o‘yinda g‘olibni aniqlaydi. Guruh bahslari belgilangan jadval asosida 12 – 29 aprel orlig‘ida bo‘lib o‘tadi.

12 aprelda “I” guruhida bitta uchrashuv bo‘lib o‘tdi va unda Jizzax shahridagi futbol akademiyasi stadionidaO‘zbekiston chempionati birinchi ligasi vakili “Jizzax” futbol jamoasi mamlakatimizning amaldagi chempioni Toshkentning “Paxtakor” klubini qabul qildi.O‘yinning ilk daqiqasidayoq poytaxt futbolchilari hujumga tashlandi. To‘pni qaytarish chog‘ida koptok jizzaxlik himoyachining qo‘liga tegdi va o‘yin bosh hakami To‘rabek Suyunov “Jizzax” darvozasi tomon 11 metrlik jarima zarbasi belgiladi. Uchrashuvning 2-daqiqasida penaltini aniq ijro etgan “Paxtakor” klubi a’zosi Doston Hamdamov hisobni ochdi – 0:1.

Uchrashuvning 7-daqiqasida “Paxtakor” himoyachisi Muhammadrasul Abdumajidov sirpanib ketib to‘pni yo‘qotdi va uni mezbonlar hujumchisi Hayotjon Shodmonov egallab oldi hamda 40 metrlar chamasi olislikdan darvoza tomon yo‘lladi.O‘z o‘rnidan ancha oldinga chiqib ketgan “Paxtakor”ning legioner posboni Pavel Pavlyuchenko bu zarbani qaytara olmadi – 1:1.

Lekin “Jizzax” jamoasi ishqibozlarining quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Oradan 3 daqiqa o‘tar-o‘tmay poytaxtliklarning yana bir legioneri Kimi Merk jamoadoshiUmar Adhamzodaning uzatmasini golga aylantira oldi –1:2.

Boshqa gol kiritish uchun imkoniyat ko‘proq mehmonlarda bo‘lgan bo‘lsada, har ikki jamoa vaziyatlarini golga aylantira olmadi. “Paxtakor” kubok o‘yinining guruh bosqichi 1-turida “Jizzax” ustidan qiyin g‘alabaga erishdi.

Shu guruhdagi Qo‘qonning “Qo‘qon – 1912” va Jizzaxning “So‘g‘diyona” klublari o‘rtasidagi uchrashuv 14 aprel kuni Farg‘onada bo‘lib o‘tadi.

Kubok uchrashuvlaridagi kutilmagan natija Toshkentda,“D” guruhida qayd etildi. Proliga vakili “Olimpik – MobiUz” – superliga ishtirokchisi, Navoiyning “Qizilqum” jamoasini 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

“G” guruhida ham ikkita uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bekobodda “Metallurg” Sirdaryo viloyati vakili “Sirdaryo – futbol akademiyasi” tarbiyalanuvchilariga hech qanday imkoniyat qoldirmay, yirik – 5:0 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, shu guruhning Farg‘onada kechgan uchrashuvida “Neftchi” proliga vakili Toshkent viloyatining “Do‘stlik” jamoasini – 2:0 natijasi bilan mag‘lubiyatga uchratdi.

O‘zbekiston kubogi guruh bahslari joriy yilning 29 aprel kuni nihoyasiga yetadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!