Isroil armiyasi Jeninni tark etdi
SAXAL bo‘linmalari Jeninni tark etdi, G‘azo sektorida poliomiyelitga qarshi emlashning ikkinchi bosqichi boshlandi, deb yozadi Euronews.
Isroil askarlari “yozgi lager” amaliyoti doirasida joylashgan Iordaniyaning g‘arbiy sohilidagi Jenin shahrini tark etdi.
Falastin manbalari, kamida 29 falastinlik halok bo‘lganini, ularning aksariyati qurolli guruhlar a’zolari ekanini aytdi. SAXAL rasmiylari 14 nafar jangari o‘ldirilganini, yana 30 nafari hibsga olinganini tasdiqladi. Jenindan chekinishiga qaramay, Isroil “yozgi lager” amaliyotining davom etayotganini e’lon qildi. U 10 kun davom etadi va yigirma yildan ortiq vaqt ichida mintaqadagi eng yirik operasiyaga aylandi. Isroil matbuoti xabarlariga ko‘ra, G‘azo sektoriga bir vaqtning o‘zida ikki barobar ko‘p kuchlar joylashtirilgan.
Payshanba kuni G‘azodagi qochqinlar lageriga uyushtirilgan hujumda to‘rt kishi halok bo‘ldi. Qurbonlar orasida bolalar ham bor. Avvalroq XAMAS nazoratidagi sektor sog‘liqni saqlash vazirligi urush boshlanganidan beri qurbonlar soni 41 ming kishiga yetganini ma’lum qilgan edi.
Xalqaro gumanitar tashkilotlar homiyligida G‘azo janubida poliomiyelitga qarshi ommaviy emlashning ikkinchi bosqichi boshlandi.
“Dunyoning Afg‘oniston va Pokistondan tashqari barcha mamlakatlarida poliomiyelitga barham berildi. Shu bois poliomiyelitning 25 yildan so‘ng Falastin hududlariga qaytishi jahon hamjamiyati va JSSTni, ayniqsa, falaj xavfi ostida bo‘lgan bolalarni katta tashvishga solmoqda”, — dedi JSST mintaqaviy direktori Xanan Balxiy.
G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyat BMTni jiddiy tashvishga solmoqda: tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyida milliondan ortiq falastinliklar yetarli oziq-ovqatga ega bo‘lmagan.