Millionga yaqin abituriyentning shaxsiy ma’lumotlari tarqalib ketgan bo‘lishi mumkin
Millionga yaqin abituriyentning shaxsiy ma’lumotlari tarqalgan bo‘lishi mumkin. Kiberxavfsizlik markazi bu bilan jiddiy shug‘ullanishi kerak, deb yozmoqda huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev.
Uning ta’kidlashicha, telefon raqamiga bir nechta xususiy universitetlardan «o‘qishga kirdingiz» degan SMS xabarlar kelgan. «Xabarda hattoki ismimni ham yozishgan. Bunday xabarlarni siz ham olgan bo‘lsangiz kerak. Barcha xabarlar my.uzbmb.uz saytidan abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tgan raqamimga kelyapti.
Demak, mening telefon raqamim va boshqa shaxsiy ma’lumotlarim uchinchi shaxslar qo‘liga borib tushgan. Bo‘lib ham bitta universitetda emas, bir nechtasida bunday ma’lumot bor. Vaziyat jiddiy va qo‘rqinchli», deydi bloger.
Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘zining ikki taxminini bildiradi:
1) Yoki uddaburon xakerlar UzBMB saytini buzib kirishgan va abituriyentlarning shaxsiy ma’lumotlarini o‘zlashtirishgan hamda uni ko‘chada pullamoqda;
2) Yoki sayt buzilmagan, ammo UzBMBdagi qaysidir xodimlarning o‘zi abituriyentlarning shaxsiy ma’lumotlarini ko‘chada pullamoqda.
«Shaxsan men 1-variantga uncha ishonmayman, 2-variant haqiqatga yaqinroq. Ikkalasidan qaysi biri bo‘lishidan qat’i nazar, kiberxavfsizlikka mas’ul organlar albatta buni o‘rganishi shart. Axir davlat tashkilotining bazasidan shaxsiy ma’lumotlar sizib chiqishi hazil narsa emas.
Mening o‘zim tegishli organlarga nomimdan rasman ariza ham yuborib qo‘yaman, albatta. Buning tagiga yetishimiz kerak», qayd etadi u.