Air France va Lufthansa Tel-Aviv, Tehron va Bayrutga parvozlarni to‘xtatdi
Air France df Lufthansa aviakompaniyalari Tel-Avivga parvozlarni “mahalliy xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat tufayli” to‘xtatganini e’lon qilishdi, bu bir kun avval Livan “Hizbulloh” harakati a’zolari tomonidan foydalanilgan peyjerlarning ommaviy portlashi fonida amalga oshirilmoqda.
Germaniyaning Lufthansa aviakompaniyasi Isroil va Eronga parvozlarni 19 sentyabrgacha to‘xtatdi.
- Xavfsizlik holatidagi qisqa muddatli o‘zgarishlar tufayli Tel-Aviv va Tehronga parvozlar zudlik bilan 19 sentyabrgacha to‘xtatildi, — deyiladi kompaniya bayonotida.
Bu davrda Lufthansa Groupning barcha aviakompaniyalari ((Eurowings, Swiss, Austrian Airlines, Brussels Airlines) ham Isroil va Eron havo hududini chetlab o‘tadi.
- Lufthansa Group vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etmoqda va yaqin kunlarda qo‘shimcha baho beradi. Yo‘lovchilar keyingi kunga bepul bron qilishlari yoki chipta narxini to‘liq qaytarib olishlari mumkin. Keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz. Yo‘lovchilarimiz va ekipajimiz xavfsizligi har doim bizning ustuvor vazifamizdir, - dedi Lufthansa.
Fransiyaning Air France aviakompaniyasi ham mintaqadagi vaziyat keskinlashishidan qo‘rqib, Tel-Aviv va Bayrutga parvozlarni payshanba kuniga qadar to‘xtatdi.
- Ishning qayta tiklanishi vaziyatni har kuni o‘z joyida baholashga bog‘liq bo‘ladi, — deyiladi kompaniya matbuot xizmati xabarida.
Bu bayonotlar seshanba kuni Livanda peyjerlar portlashi, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 11 kishi halok bo‘lgan va to‘rt ming kishi yaralanganidan keyin qilingan.
Livanda bir kun oldin «Hizbulloh» harakati a’zolari tomonidan foydalaniladigan peyjerlarda katta portlash sodir bo‘ldi.
Livan sog‘liqni saqlash vazirligi seshanba kuni peyjerlar portlashi oqibatida to‘qqiz kishi, jumladan bir bola halok bo‘lganini ma’lum qildi. 2800 ga yaqin odam, jumladan 200 nafari og‘ir tan jarohati oldi.
Livan rasmiylari voqeada Isroilni aybladi. Isroil hozircha voqeaga izoh bermadi.