Norvegiya elektromobillar soni oshgan ilk davlat bo‘ldi
Norvegiyaning Yo‘l harakati bo‘yicha axborot kengashi (OFV, Opplysningsrådet for veitrafikken) ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda elektromobillar soni birinchi marta benzinli avtomobillar sonidan oshib ketdi. Bu haqda «Meduza» xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda jami 2,8 million yengil avtomobil ro‘yxatdan o‘tgan. Shundan 754 303 tasi elektromobillar, 753 905 tasi esa benzinli avtomobillardir. Gibrid avtomobillar 366 mingga yaqin, yana millionga yaqin dizel dvigatelli avtomobillar, ammo ularning soni kamayib bormoqda, deb ta’kidlaydi tashkilot.
«Bu — tarixiy voqea. O‘n yil oldin bunday muhim voqea sodir bo‘lishini hech kim kutmagandi. Yengil avtomobillar parkini elektrlashtirish jadal sur’atlar bilan kechmoqda va Norvegiya yengil avtomobillar parkida elektromobillar ustunlik qiladigan dunyodagi birinchi davlat bo‘lish uchun tezkor qadamlar tashlamoqda», — dedi OFV direktori Oyvind Solberg Torsen.
Uning prognozlariga ko‘ra, 2026 yilga borib mamlakatda elektromobillar soni ham dizelli avtomobillar sonidan oshib ketadi. 2024 yil avgust oyida Norvegiyada sotilgan 11 114 ta avtomobilning qariyb 94 foizi elektromobil bo‘lgan.
Norvegiya hukumati tashabbuslari tufayli elektromobillarga o‘tish jadal kechmoqda. Bunga sotuv va chiqindi soliqlaridan ozod qilish, avtoturargoh to‘lovlarini kamaytirish va elektromobillar uchun avtobus yo‘laklaridan foydalanishga ruxsat berish kiradi.