Urganchda 28-30 oktyabr kunlari matematika bo‘yicha xalqaro olimpiada o‘tkaziladi

Urganchda 28-30 oktyabr kunlari matematika bo‘yicha xalqaro olimpiada o‘tkaziladi

URGANCh (Turon24) – Avval xabar berganimizdek, Xorazm viloyatining Urganch shahrida 28-30 oktyabr kunlari talabalar o‘rtasida matematika bo‘yicha I xalqaro olimpiada bo‘lib o‘tadi. Bu haqda "Turon24"ga olimpiada tashkiliy qo‘mitasi koordinatori, fizika-matematika fanlari nomzodi Alimardon Otamurodov ma’lum qildi.

Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar bo‘yicha doimiy qo‘mitasi hamda boshqa xalqaro tashkilotlar ko‘magida tashkil etilayotgan xalqaro olimpiadada ishtirok etish uchun hozirgacha 16 mamlakatdan 30 dan ortiq oliy ta’lim muassasasining jamoalari rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan. Bundan tashqari, turli davlatlarning 15 ortiq universiteti olimpiadada qatnashish istagini bildirgan.

Ma’lumot o‘rnida: iqtidorli yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirish hamda ularning fundamental va tabiiy fanlarga qiziqishini oshirish maqsadida o‘tkazilayotgan ushbu olimpiada g‘oliblariga (O‘zbekiston fuqarolari) matematika, fizika, axborot texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha magistraturaga kvotadan tashqari davlat granti asosida kirish huquqi beriladi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning sentyabrida Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar bo‘yicha birinchi sammitida so‘zlagan nutqida yosh matematiklar o‘rtasida xalqaro olimpiada tashkil etish taklifini bildirgan edi.

Shundan so‘ng 2018 yilning 26 avgustida Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori qabul qilingan, unga ko‘ra oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida har ikki yilda bir marta matematika bo‘yicha Muhammad Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada tashkil etilishi belgilangan edi.

Manba: turon24. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!