Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibi joriy etiladi

Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibi joriy etiladi

Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish bo‘yicha huquqiy eksperiment to‘g‘risida Prezident Farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot“ kanalida xabar berilmoqda.

Farmonga muvofiq:

Toshkent shahar va uning tarkibiga kiruvchi tumanlar hokimliklari boshqaruv apparatlari negizida tegishli hokim tomonidan tuzilmasi va shtatlari belgilanadigan va o‘zgartiriladigan Toshkent shahar va tumanlar hokimlari devonlari tashkil etildi;

Toshkent shahar hokimi va uning o‘rinbosarlari ishtirokidagi davlat hokimiyati vakolatlariga ega bo‘lgan hududiy idoralararo kollegial organlar qisqartirildi.

Hududiy iqtisodiyot, moliya, qurilish, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, investisiyalar bo‘yicha tuzilmalar tegishlicha Toshkent shahar va tumanlar hokimlari bo‘ysunuviga hamda Toshkent shahar va tumanlar hokimlari devonlari tuzilmasiga o‘tkazildi.

Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi tashkil etildi.

Boshqarma jumladan, kanallarni sanitar tozalashni kompleks va tubdan yaxshilaydi, kanallarga tutash hududlarni sanitar, ekologik me’yor va qoidalarga muvofiq obodonlashtiradi.

Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish departamenti tashkil etilib, unga xususan yo‘llar, yo‘l ob’ektlari va yo‘l-transport inshootlaridan foydalanish samaradorligini ta’minlash uchun yo‘l harakatini tashkil etishning xavfsiz va samarali dasturlari va chizmalarini, shu jumladan, yo‘l harakatini tartibga solish tizimlarini, zamonaviy intellektual axborot-kommunikasiya tizimlarini rejalashtirish, loyihalash va joriy etish yuklandi.

Toshkent shahrining bosh rejasi tasdiqlangunga va poytaxtni arxitektura jihatidan rivojlantirishning istiqbollari aniq belgilangunga qadar Toshkent shahrining eski shahar qismida buzish, rekonstruksiya qilish va kapital qurilish bo‘yicha ishlarni olib borish taqiqlanadi.

Farmonga ko‘ra, Toshkent shahri va tumanlar hokimlari devonining interfaol portallari yaratiladi. Portal orqali, jumladan fuqarolardan mahalliy byudjetning muayyan qismini, shu jumladan, Toshkent shahrini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasining mablag‘larini, Toshkent shahri obligasiyalarini chiqarish hisobidan jalb etilayotgan mablag‘larni eng ko‘p ovoz olgan maqsadlarga yo‘naltirish bo‘yicha takliflar olinadi

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!