Sobiq MXX xodimi Nodir To‘raqulovga Prokuror uzoq muddatli “qamoq” jazosi so‘radi

Sobiq MXX xodimi Nodir To‘raqulovga Prokuror uzoq muddatli “qamoq” jazosi so‘radi

Kecha, 18 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Harbiy sudida MXX ning qator sobiq xodimlari ustidan bo‘lib o‘tayotgan sud jarayonida Prokuror fikri tinglangan.

Davlat qoralovchisi sifatida sudda ishtirok etayotgan Harbiy Prokuror ayblanuvchilar sobiq MXX xodimlari, Prokuratura va Ichki ishlar idoralarining sobiq xodimlari va qator shaxslarga nisbatan uzoq muddatli qamoq jazosi tayinlashi bo‘yicha o‘z fikrini bildirdi.

Ayni ushbu ma’lumotlarni Harbiy prokuraturadan olinganini iddao qilgan Xorijiy OAVga ko‘ra, ushbu jinoyat ishida 12 nafar sobiq “xodimlar” va ularning jinoiy sheriklari ayblanuvchi tarzida jalb qilingan.

Muzokaraga kirishdan avval o‘tkazilgan sud majlisida Prokuror tomonidan MXX raisining sobiq o‘rinbosari, polkovnik Shuhrat Toshpo‘latovga 12 yil, MXX raisning Ichki xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, general-mayor Hayot Sharifxo‘jayevga 14 yil, MXX Tergov boshqarmasi tergov bo‘limi boshlig‘i, polkovnik Nodir To‘raqulovga 16 yil, MXX Surxondaryo viloyat boshqarmasi tergov bo‘limi tergovchisi, podpolkovnik Ergashevga esa 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi “so‘ragan”.

Shuningdek, Sud qarori bilan sobiq MXXning sobiq xodimlarining barcha unvon va mukofotlardan mahrum etilishi mumkinligi “7news.uz”ning ishonchli manbasi tomonidan ta’kidlandi.

Ayni kechagi sud majlisida Surxondaryo viloyat prokuraturasida tergovchi lavozimida faoliyat yuritgan Sherali Ahmedovga 11 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi ham Prokuror tomonidan bildirilgan.

Sudlanuvchilar O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 10 ga yaqin, ya’ni 168-, 165-, 184-, 205-, 209-, 230-, 235-, 242-, 301-moddasi bilan ayblangan bo‘lib, sudda ham ularning ayblari deyarli o‘z isbotini topgan.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo, Farg‘ona, Buxoro viloyatlarida o‘tgan uchrashuvlar davomida MXX ning kirdikorlarini ochiqcha tanqid qilgan va hattoki ularning “simyog‘ochni ham qamab qo‘yishi mumkinligi” haqida oshkora fikr bildirgan edi.

Oktyabr oyining so‘nggiga qadar ushbu jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilinishi mumkin.

“7news.uz” voqealar rivoji va sud hukmi borasida to‘liq tafsilotlarni siz o‘quvchilarga yetkazishga harakat qiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!