Shvesiyadagi qamoqxonada saqlanayotgan Oqilovga mahbus hujum qilgan

Shvesiyadagi qamoqxonada saqlanayotgan Oqilovga mahbus hujum qilgan

Stokgolmda terakt uyushtirishda ayblanib, bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilingan o‘zbekistonlik Rahmat Oqilovga qamoqxonada mahbuslardan biri hujum qilgani to‘g‘risida RIA Novosti axborot bermoqda.

"Uz24.uz" nashrining xabar berishicha, voqea o‘tgan haftada xavfsizlik darajasi yuqori bo‘lgan Kumla qamoqxonasida yuz bergan. Oqilovga noqonuniy tarzda qurol saqlagani uchun to‘rt yilga qamalgan 24 yoshli mahbus  hujum qilgan. U Oqilov saqlanayotgan kameraga kirgan va eshikni ichkaridan berkitib olgan.

Shundan so‘ng, ichkaridan baqir-chaqir va zarba tovushlari eshitilgan. Soqchilarning ko‘rsatma berishlaricha, ular ichkariga kirishganida mahbus yerda yotgan Oqilovga zarba berayotgan bo‘lgan.

Voqea yuzasidan surishtiruv ishlari boshlandi. Hujum qilgan mahbus izolyasiya bo‘limiga joylashtirilgan, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil 7 aprelda Stokgolm markazidagi yo‘lovchilar yuradigan ko‘chalarning birida yuk mashinasi odamlar ustiga qarab bostirib borgan. U 500 metrdan ziyod masofani bosib o‘tgach, Ahlens savdo markazi binosiga borib urilgan. Besh kishi halok bo‘lgan, 15 kishi turli darajadagi jarohatlarni olgan. Stokgolm hukumati ro‘y bergan voqeani terakt deb tan olgan.

Teraktni sodir etganlikda O‘zbekiston fuqarosi Rahmat Oqilov ayblangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!