Senatning navbatdagi yalpi majlisi qachon bo‘lishi ma’lum qilindi

Senatning navbatdagi yalpi majlisi qachon bo‘lishi ma’lum qilindi

Oliy Majlis Senati kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqargan majlisda Senatning ellik birinchi yalpi majlisini 2024 yil 30 mart kuni chaqirish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi.

Ta’kidlanganidek, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkaziladigan yalpi majlisda qator masalalarni muhokama qilish nazarda tutilgan.

“Telekommunikasiyalar to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sud hokimiyatining mustaqilligi kafolatlarini mustahkamlashga, sudlar faoliyati haqida jamoatchilikni xabardor qilishga hamda yagona sud amaliyotini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” va “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Shuningdek, yalpi majlis kun tartibida “Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi to‘g‘risidagi Bitimga hamda Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi byudjetini shakllantirish va ijro etish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi Bayonnomani (Toshkent, 2022 yil 1 iyun) ratifikasiya qilish to‘g‘risida”gi qonun ham o‘rin olgan.

Senatorlar “Xalqaro mehnat tashkilotining Ishlayotgan erkaklar va ayollar uchun teng munosabatlar va teng imkoniyatlar: oilaviy majburiyatlarga ega xodimlar to‘g‘risidagi 156-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1981 yil 23 iyun) ratifikasiya qilish haqida”gi qonunni ham ko‘rib chiqadi.

Bundan tashqari, senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) 2023 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitadi.

Yalpi majlisda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning sifat tarkibini yaxshilash, o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash hamda kadastrini yuritish holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi muhokama qilinishi ham rejalashtirilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!