Sartepadagi ko‘p qavatli uylar qishga tayyormi?

Sartepadagi ko‘p qavatli uylar qishga tayyormi?

O‘tgan hafta yakunida yurtimizda havo haroratining pasayishi va yog‘ingarchilik aholining ham, kommunal xo‘jalik idoralarining ham kuz-qish mavsumiga hozirligini sinovdan o‘tkazdi. Tayyorgarlik yumushlarini o‘z vaqtida amalga oshirgan mas’ullar, korxona va tashkilotlar bu ishlarning qanchalik sifatli bajarilganini amalda ko‘rdi. Hali qishgacha fursat ko‘p-ku, deb xotirjam yurganlar esa sarosimaga tushib qoldi...

– Bu yil ham mavsumga tayyorgarlikni yoz oylaridanoq boshlaganmiz, – deydi Samarqand shahar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i F.Najmiddinov. – Prezidentimizning “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2018/2019 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va sohaga oid boshqa qarorlari asosida shaharda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar dasturi tuzilib, ijrosi ta’minlanmoqda. Jumladan, shahardagi ko‘p xonadonli uy-joy fondini ta’mirlash va hududlarini obodonlashtirish uchun 1 oktyabr holatida 11,1 milliard so‘m bank krediti va 1,1 milliard so‘m byudjet mablag‘lari yo‘naltirildi. Shuning hisobidan shahardagi 38 ta ko‘p qavatli uyning tom qismi mukammal va 182 tasi joriy ta’mirlandi. 103 ta uy-joyning fasad qismi, 160 tasining yerto‘la muhandislik tarmoqlari, kirish yo‘laklari ta’mirlandi. 141 ta kirish yo‘lagiga temir eshik o‘rnatildi, 263 ta eshik kodli qulf bilan jihozlandi. Shaharda mavjud 227 ta liftning 46 tasida mukammal va joriy ta’mirlash ishlari olib borildi. Bundan tashqari, 6800 kv.metr uy-joy oldi yo‘laklarida beton qoplama yotqizilib, 250 metr irrigasiya tarmoqlari tartibga keltirildi. Ko‘p qavatli uylar atrofida 384 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. 16 ta bolalar maydonchasi qurildi.
Bugungi kunda Samarqand shahridagi 1024 ta ko‘p qavatli uyning 725 tasi issiqlik ta’minotiga ega emas. 130 ta uy o‘zining avvaldan moslashtirilgan gaz pechkasi orqali, 88 tasi individual kvartira qozonxonalar yordamida, 55 tasi “Issiqlik manbai” davlat unitar korxonasi qozonxonalari bilan, 20 tasi lokal qozonxonalar orqali isitiladi.

Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni takomillashtirish, ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy soha ob’ektlari issiqlik ta’minotini yaxshilash maqsadida Prezidentimizning 2017 yil 20 apreldagi “2018-2022 yillarda issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori asosida ish olib borilmoqda. Bu borada “Issiqlik manbai” DUK Finlyandiya kompaniyasi bilan hamkorlikda loyiha ishlab chiqib, uni amalga oshirishga kirishmoqda. Mazkur loyihaning birinchi bosqichida Sartepa, Sug‘diyona, Mikrorayon va Marhabo maskanlaridagi 377 ta ko‘p qavatli uy va 26 ta ijtimoiy soha ob’ektiga issiqlik yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, bu yil ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarga mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlangan ikki konturli qozon o‘rnatish bo‘yicha ham tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borildi. Hozirgi kunga qadar shahardagi 700 dan ortiq xonadonga bunday qozonlar o‘rnatildi.

33 mingdan ziyod aholi istiqomat qilayotgan Samarqand shahrining Sartepa maskanida 127 ta ko‘p qavatli uy-joy mavjud. Ularning 22 tasi 9 qavatli bo‘lib, qolganlari 4 va 5 qavatdan iborat. Keyingi yillarda ushbu uy-joylarni bugungi kun talablaridan kelib chiqib ta’mirlash, kommunikasiya tarmoqlarini yangilash orqali aholiga munosib turmush sharoiti yaratish muhim vazifalardan biri sifatida belgilanmoqda.  

Prezidentimizning 2018 yil 16 martdagi qarori bilan tashkil etilgan “Samarqand viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasi”ga ajratilgan 50 million dollar miqdoridagi mablag‘ hisobidan ham Sartepadagi ko‘p qavatli uy-joylarni mukammal ta’mirlash va unga tutash hududlarni obodonlashtirish ishlariga 28 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirildi.

Unga ko‘ra, barcha ko‘p qavatli uy-joylar mukammal ta’mirlanadi. 26 ta uyning tom qismi, 123 ta uyning fasadi, 341 ta kirish yo‘lagi hamda uy-joylarning ichki muhandislik-kommunikasiya tarmoqlari kapital ta’mirlanadi. 9 ta uydagi 32 ta lift moslamasi yangisiga almashtiriladi. Ko‘p qavatli uylar hovlilarida 15 ta bolalar maydonchasi, 13 ta kattalar sport trenajyor maydonchasi, shuningdek, aholi dam olish ayvonlari, avtomobil saqlash joylari barpo etish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda bu ishlarni amalga oshirish uchun loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanib, ekspertiza xulosalari olinmoqda. Tender tanlovlari asosida qurilish tashkilotlari aniqlanib, ta’mirlash ishlariga kirishilgan.

Mazkur hududdagi “Sartepa-Go‘zal” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati xizmat ko‘rsatadigan ko‘p qavatli uylarda ta’mirlash ishlari boshlanganini ma’lum qilishganidan so‘ng, jarayonni kuzatdik. 141-uyning fasadini ta’mirlagan quruvchilar hozirda 146-uyda ish olib borayotgan ekan. 142, 143-uylarda yashovchi aholi esa hali-hanuz muammolar ko‘pligi, yerto‘lani tez-tez suv bosishini ma’lum qilishdi. Uylarga kirish yo‘laklariga chiroq o‘rnatilmagan.

118-uyning sakkizinchi qavatidagi xonadonda yashovchi M.Sattorova bir necha oydan buyon lift ishlamagani oqibatida yaqinda bemor turmush o‘rtog‘ini pastga olib tushishda juda qiynalganini aytdi.

– Bugun liftni sozlashibdi – deydi M.Sattorova. – Lekin undan foydalanishga ham qo‘rqasan, kishi. Tez-tez buzilib turadi. Uyning yo‘laklari ham ta’mirga muhtoj, chiroqlari yo‘q.

Sartepada ta’mirlash ishlari yakunlanganlari ham, ishlar boshlanmay, hududi obodonlashtirilmagan uylar ham anchagina. Demak, Sartepadagi uylarni kuz-qish mavsumiga tayyor deyishga hali erta.

Manba: uza.uz

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!