Sardobada halok bo‘lgan serjant Suyarov Husniddin Zokirovich haqida xotiralar

Sardobada halok bo‘lgan serjant Suyarov Husniddin Zokirovich haqida xotiralar

1 may 2020 yil... Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv omboridan suv chiqishi oqibatida sodir bo‘lgan suv toshqini ko‘plab aholining hayotini xavf ostida qoldirdi.

Mazkur hodisada aholini evakuasiya qilish ishlariga birinchilardan bo‘lib Milliy gvardiya tezkor harakatlanuvchi guruhi shaxsiy tarkibi yetib kelgan. Tezkorlik bilan amalga oshirilgan ishlarga ichki ishlar hamda favqulodda vaziyatlar vazirliklari, so‘ngra mudofaa vazirligi shaxsiy tarkibi ham qo‘shilgan. Suv bosishi xavfi mavjud bo‘lgan aholi punktlarini evakuasiya qilish jarayoniga barcha maxsus texnikalar, avtomashinalar jalb qilingan, suv bosgan hududlarda qolib ketgan fuqarolarni qutqarish ishlarida esa vertolyotlardan foydalanilgan.

Yuzaga kelgan favqulodda vaziyatda 70 mingdan ortiq aholi evakuasiya qilindi, 56 nafar fuqaro turli tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizildi.

Ming afsuski, evakuasiya ishlariga jalb qilingan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilaridan biri 3-darajali serjant Suyarov Husniddin Zokirovich tabiiy ofatga qarshi kurashish jarayonida qahramonlarcha halok bo‘ldi. U o‘z jonini fido qilib, yuzlab, minglab insonlar hayotini saqlab qoldi.

Milliy gvardiya yigitlari hech narsaga qaramasdan, uyma-uy yurib, qolib ketan fuqarolarni qutqarib yurdi. Tomlarni ustidan, derazalardan chiqishlariga yordam berib, aholini xavfsiz hududga o‘tkazishda katta hissa qo‘shdilar. Harbiy yigitlar pasda turib, yordamga uchib kelgan vertolyotlarga aholini chiqishiga ko‘maklashdi. Milliy gvardiya yigitlariga rahmat, ular bo‘lmaganida ko‘p ko‘ngilsizlik bo‘lishi mumkin edi, deb Uchtom mahallasi fuqarosi Umar Mamatqulov minnatdorchilik so‘zlarini bildirib o‘tdi.

Yoz oyida endigina 32 yoshni qarshilashi kerak bo‘lgan Husniddin Suyarov O‘zbekiston Qurollli Kuchlari safida 2007 yildan buyon xizmat qilib kelgan. Endilikda u oila a’zolarining, xalqimizning qalbida hamisha yosh va navqiron qahramon sifatida gavdalandi.

Qutqarilgan fuqarolardan biri Davron Qudratovning so‘zlariga ko‘ra, suv toshqini paytida u uyidan chiqib ketishga ulgurmagan, shu vaqtda Milliy gvardiyadan uch nafar harbiylar yordamga kelgan. Ular unga toshqindan chiqishga yordam berib, qutqaruvga uchib kelgan vertolyotga chiqib olishda ko‘maklashganlar. Davronning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kuni Milliy gvardiya xodimlari nafaqat aholiga, balki barcha yordamga muhtoj bo‘lgan uy hayvonlariga ham yordam berishgan. “Milliy gvardiyaga katta rahmat, ular tufayli men tirik qoldim”, deydi Davron.

 

Pahlavondek o‘g‘lini yo‘qotganiga hali yuragini ishontira olmayotgan onaizor, 54 yoshida qaddi bukilgan ota farzandining bu dunyodan shunchaki emas, qahramonlik ko‘rsatib, o‘zining hayoti evaziga ko‘plab boshqa insonlar hayotini saqlab qolganidan faxr tuyg‘usini tuymoqdalar.

Husniddin Suyarovning volidasi har daqiqada farzandi to‘g‘risida, u bilan gaplashgan suhbatlarini eslamoqda... “Muddatli harbiy xizmatdan qaytgach, harbiy sohada ishlayman deb turib oldi. Ba’zi vaqtlarda qiynalganini sezib qolsam, qo‘y, o‘g‘lim, kech shu harbiy hayotdan desam, rozi bo‘lmagan. “Onajon, men qasamyod qilganman, Vatanimni tashqi tahdidlardan asrayman, yurtim uchun, xalqim uchun xizmat qilaman” degandi. Mana, aytganini qildi. Yurti uchun jonini fido qildi bolam... Men faxrlanaman, g‘ururlanaman o‘g‘lim bilan...

Onaizorning va Husniddinning 25 yoshida ikki farzandi bilan beva qolgan turmush o‘rtog‘ining ko‘z yoshlarini, ularning holini tasvirlash esa juda qiyin. 4 yoshli to‘ng‘ich qizi, bor-yo‘g‘i 2 oylik bo‘lgan kenja qizalog‘i Otasiz o‘sish nima ekanini hali to‘liq anglamaydi. Farzandining “Dadajonimni sog‘indim” degan so‘zlari har bir insonning qalbini larzaga keltiradi...

Men shunday insonning turmush o‘rtog‘i bo‘lganimdan faxrlanaman... Turmush qurmasimizdan oldin harbiyning hayoti og‘ir bo‘ladi degandilar, lekin bu darajada og‘ir bo‘ladi deb o‘ylamagandim..., – deydi yig‘lab farzadini quchayotgan Hsniddin Suyarovning bevasi Nozima Suyarova.

Yoshligidan tirishqoq bo‘lgan Husniddin Suyarov maktab davrlaridanoq harbiy sohada xizmat qilishni ko‘ngliga niyat qilgan. Hamisha yordamga shay bo‘lib yurgan yigitni, hayotining so‘nggi chog‘ida ham yordam qo‘lini cho‘zgancha, hayotdan ko‘z yumgan o‘quvchisini, sinfdoshini xotirlayotgan Husniddinning ustozi va sinfdoshlari uning tabiati, harbiy sohada ishlashni niyat qilgani va yoshligidan tuzgan rejalari va orzulariga yetishgani haqida so‘zlab berdilar.

Sharqiy harbiy okrug serjantlar tayyorlash maktabi va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Samarqand serjantlar tayyorlash maktabini a’lo va yaxshi baholarga tamomlagan bu harbiy xizmatchi xizmat o‘tash davomida o‘zining namunali harbiy intizomi, shuningdek o‘ziga yuklatilgan vazifa hamda majburiyatlariga vijdonan yondoshishi bilan alohida ajralib turgan.

Odamlarni boshpanasidan ayirgan, yosh yigitlar umriga zomin bo‘lgan Sirdaryodagi favqulodda holatda Husniddin bilan birga xizmat qilgan xizmatdoshlarining ahvoli esa ma’lum... O‘sha mash’um kunni, xizmatdoshidan ayrilgan onlarni eslash har bir harbiy xizmatchi uchun og‘ir...

Suv toshqini yuz bergan kunda suvning oqimi juda tez edi. Baland oqayotgan suv yo‘lida bo‘lgan hamma narsani oqizib keta boshladi. Agar bu loyqa suvda turli chiqindilar, qamishlar, daraxtlarning shox-shabbalari-yu uyning tomidan oqizib ketilgan shiferlar bo‘lmaganida edi, hozir safdoshlarimiz biz bilan birga bo‘lardilar... Bugunda shu kabi o‘ylar bilan Milliy gvardiya xodimlari o‘z safdoshlarini xotirlamoqdalar...

Husniddin Suyarov vafotidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonligining “Namunali xizmatlari uchun” I darajali ko‘krash nishoni bilan taqdirlandi.

Jasorat – mangu, xotira – muqaddas... Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi 3-darajali serjant Husniddin Suyarovning qahramonlarcha ko‘rsatgan jasoratini yurtimiz, ayniqsa hayoti saqlab qolingan fuqarolarimiz hech qachon unutmaydi. Uning xotirasi o‘zbek xalqi qalbida abadiy yashaydi.

oddiy askar Nafosat Zafarova,

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Mediamarkaz mutaxassisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!