«Samosud» uchun qanday javobgarlik bor?

«Samosud» uchun qanday javobgarlik bor?

Har bir jamiyatda barqarorlik va rivojlanish tartib-intizom, huquqlar va erkinliklarning ta’minlanganligi, umuman olganda huquqlilikning qaror topgani bilan baholanadi. Azaliy qonuniyat shu.

Jamiyatdagi shaxslarning har qanday harakatlari uchun: huquqbuzarliklar, korrupsiya, hattoki eng og‘ir jinoyat bo‘lmish odam o‘ldirish uchun ham unga nisbatan jazo qo‘llash masalasi qonunlar vakolat bergan idoralar tomonidan qo‘llanilishi kerak.

Qonunlar hech bir shaxsga boshqalarni o‘z bilganicha jazolashiga, ya’ni xalq tilida «samosud» qilishiga, turli ko‘rinishdagi ta’sir o‘tkazishiga ruxsat bermaydi. Quyida ayni shu mavzuga aloqador bir qator savollarga javob berib o‘tamiz.

«Samosud» haqida qonunlarda qanday taqiqlar bor?

Qonunchiligimizga ko‘ra birorta jinoyat qilgan shaxsning xatti-harakatlari sudda, oshkora ko‘rilib, sud tomonidan uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor emas.

Ya’ni Siz kimningdir bevosita qotilligiga o‘z ko‘zingiz bilan guvoh bo‘lgan bo‘lsangiz ham, qonun Sizga u shaxsni jinoyatchi, aybdor deb atashingizga ruxsat bermaydi. So‘ngi so‘zni faqat sud aytadi.

Ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni ham ularning turi va darajasiga qarab turli idoralar va sudlar tomonidan ko‘rib baho beriladi.

«Samosud» uchun qanday javobgarlik bor?

Avvalambor, «samosud» qilganlar o‘z hayoti va sog‘lig‘ini xatar ostiga qo‘yadi. Har qanday «samosud» uchun xoh u yengil bo‘lsin xoh og‘ir – javobgarlik bor.

«Samosud» natijasida ko‘p miqdorda zarar (BHMning 300-500 baravarigacha) yetkazilsa u jinoyat deb baholanadi va BHMning

50 baravarigacha jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Albatta, bunda jarima yoki boshqa jazolardan tashqari yetkazilgan zarar o‘rnini ham qoplash kerak bo‘ladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda «samosud» qilish oqibatida boshqalarning manfaatlariga jiddiy zarar yoki ziyon keltirmaganlik uchun jazo belgilangan.

Bu hali hammasi emas «Samosud» natijasida fuqaroga tan jarohati yetkazilsa, unga nisbatan tuhmat, haqorat, tovlamachilik qilinsa Jinoyat kodeksida belgilangan boshqa jazolar ham qo‘llaniladi.

«Samosud» taqiqlanadi, huquqbuzar va jinoyatchilar haqida xabar berishning ham qonuniy, ham foydali usullari bor.

Jinoyat yoki boshqa huquqbuzarliklarga guvoh bo‘lganda, vakolatli organlarga, prokuratura (1007), ichki ishlar (102), milliy gvardiya yoki boshqa organlarga murojaat qilish eng maqbul yechim hisoblanadi.

Jinoyat qilgan shaxsni yuqoridagi organlarga topshirish uchun hokimiyat ushlash vaqtida unga zarar yetkazilishi mumkin, bunda uni ushlash uchun zarur bo‘lgan choralarning chegarasidan chetga chiqilmasligi kerak.

Qonunchilikda ayrim huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar qilganlik uchun mukofot puli berish ham alohida belgilangan. Xususan,

– yo‘l harakati qoidalariga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida eJarima portali orqali xabar beriladi va BHMning 5 foizi ;

– daraxt va butalarni noqonuniy kesish va shikastlashga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida ekologiya organlariga xabar beriladi va BHMning 1 baravarigacha;

– lisenziyasiz yoki ruxsatnomasiz, xabarnoma yubormasdan shunday hujjatlar talab qilinadigan faoliyat bilan shug‘ullanganlik to‘g‘risida lisenziya, ruxsatnoma berish vakolatiga ega organlarga (masalan, xususiy notariuslar bo‘yicha Adliya vazirligiga) xabar beriladi va undirilgan jarimaning 10 foizi;

– korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga xabar beriladi huquqbuzarlik turidan kelib chiqib BHMning 7 baravarigacha miqdorda;

xarid cheklarni bermasdan tovar sotganlik va xizmatlar ko‘rsatganlik to‘g‘risida soliq organlariga maxsus dastur orqali xabar beriladi va jarimaning 20 foizi miqdorida;

davlat moliyaviy nazoratiga oid qoidabuzarliklar to‘g‘risida «Davlat auditi» tizimi orqali xabar beriladi va undirilgan jarimalardan kelib chiqib mukofot pullari to‘lanadi.

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, jamiyatda muammolarni faqat huquqiy vositalar asosida hal qilish har birimizning huquq va erkinliklarimizni ro‘yobga chiqishiga chinakam zamin yaratadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!