Rossiya va Turkiya o‘rtasida Tog‘li Qorabog‘da monitoring markazi tashkil etish bo‘yicha kelishuv imzolandi

Rossiya va Turkiya o‘rtasida Tog‘li Qorabog‘da monitoring markazi tashkil etish bo‘yicha kelishuv imzolandi

Rossiya Federasiyasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasida Tog‘li Qorabog‘da monitoring markazi tashkil etish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Bu haqda 1 dekabr, seshanba kuni Turkiya mudofaa vazirligi ma’lum qildi.

“Qo‘shma Turkiya-Rossiya kuzatuv markazining asoslari va ishlash tamoyillariga oid texnik tafsilotlar bo‘yicha muzokaralar yakunlandi va bitim imzolandi”, deyiladi Turkiya mudofaa vazirligi bayonotida.

Qayd etilishicha, qo‘shma markazning faoliyatini boshlash uchun barcha zarur ishlar amalga oshirilmoqda.

17 noyabr kuni Turkiya parlamenti mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning Ozarbayjonga harbiy qismlarni yuborish to‘g‘risidagi farmonini ma’qulladi. Ertasi kuni Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev Rossiya va Turkiya harbiylari Qorabog‘dagi fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha operasiyalarda qatnashishini ma’lum qildi.

Turkiya milliy mudofaa vaziri Hulusi Akar 22 noyabr kuni Ozarbayjonga yuborilgan turk harbiylari bir yil davomida Rossiya bilan hamkorlikda tashkil etilgan Tog‘li Qorabog‘dagi monitoring markazida harakat qilishini aytdi.

Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov harbiylarni yuborish to‘g‘risidagi farmon Turkiyaning ichki ishi, kuzatuv markazini ochish esa Moskva va Anqara o‘rtasidagi ikki tomonlama kelishuv mahsulidir, deb ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, 9 noyabr kuni Ozarbayjon va Armaniston Rossiya ishtirokida 10 noyabrdan boshlab Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risida bitim imzoladilar.

Hujjat mintaqaga Rossiya tinchlikparvar kuchlarini kiritishni, mojaro ishtirokchilari o‘rtasida mahbuslar almashinuvini, Armaniston tomonidan mintaqaning bir qator viloyatlarini Ozarbayjonga o‘tkazilishini va Qorabog‘ga qochqinlarni qaytarishni nazarda tutadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!