“Rossiya global kuchlar muvozanatini saqlash uchun yadro arsenalini rivojlantiradi” — Vladimir Putin

“Rossiya global kuchlar muvozanatini saqlash uchun yadro arsenalini rivojlantiradi” — Vladimir Putin

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat global kuchlar muvozanatini saqlash uchun yadro arsenalini rivojlantirishini ma’lum qildi. Bu haqda prezidentning Kremlda bergan bayonotiga asoslanib, Reutersega tayanib Daryo nashri xabar berdi.

Manbada aytilishicha, Putin 21 iyun kuni Kremlda harbiy, polisiya va razvedka xizmatlari akademiyalari bitiruvchilari ishtirok etgan marosimda chiqish qilgan. O‘z chiqishida prezidenti mamlakatning harbiy va strategik maqsadlari haqida so‘z ochgan.

Prezident Rossiya to‘xtatuvchi vosita sifatida dunyodagi eng yirik yadro quroli arsenalini rivojlantirishda davom etishini aytgan. Shuningdek, Ukrainada jang qilayotgan armiyani eng so‘nggi qurollar va uchuvchisiz samolyotlar bilan ta’minlashini ma’lum qilgan.

“Biz raqiblarimizni strategik tiyib turish kafolati sifatida yadroviy triadani yanada rivojlantirish va dunyoda kuchlar muvozanatini saqlashni rejalashtirmoqdamiz”, — degan Vladimir Putin.

Tahlilchilar Rossiya rahbari o‘z nutqida keng ko‘lamli yadroviy dasturga ishora qilganini bildirgan. Chunki prezident nutqida qo‘llanilgan yadroviy triada atamasi Rossiyaning quruqlik, dengiz va havodan uchiriladigan yadroviy raketalari tizimiga nisbatan ishlatiladi.

O‘z nutqida Kreml rahbari favqulodda holatlarda yadro arsenalidan foydalanish ehtimolini istisno etmagan. Agar boshqa davlat Rossiyaga qarshi bu quroldan foydalansa yoki davlatning mavjudligi tahdid ostida qolsa, Moskva yadro qurolidan foydalanish uchun qonuniy asosga ega bo‘lishi ta’kidlangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!