Respublika OITSga qarshi kurashish markazida raqamlashtirish ko‘rsatkichi 90 foizga yetdi

Respublika OITSga qarshi kurashish markazida raqamlashtirish ko‘rsatkichi 90 foizga yetdi

OITS va OIV — dunyo tibbiyoti oldida turgan eng katta muammolardan. Afsuski, texnologik taraqqiyot va tibbiy kashfiyotlar asrida bu xastaliklarni davolash masalasi olimlar uchun hanuz jumboq bo‘lib qolmoqda.

Ushbu bedavo kasalliklarga qarshi kurashish kompleks yondashuvni talab etadi. Bunda raqamli texnologiyalarni joriy etish ham katta ahamiyatga ega. Sababi ular ma’muriy jarayonlarni optimallashtirish, ma’lumotlarni boshqarishni takomillashtirish, bemorlarning holatini doimiy monitoring qilib borish imkonini beradi.

Shundan kelib chiqib, Respublika OITSga qarshi kurashish markazida takomillashtirilgan yagona elektron tizim ishga tushirildi.

Mazkur tizim Ijtimoiy himoya milliy agentligining elektron bazasi bilan integrasiya qilinib, buning natijasida OIV infeksiyasi bilan yashovchi 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nafaqa avtomatik tarzda belgilanishi va berilishi yo‘lga qo‘yildi.

Bu orqali ularning nafaqa olishida yuzaga kelgan qiyinchiliklari, shu jumladan uzundan-uzun navbatlarda kutishi, tegishli xizmat ko‘rsatuvchi organlarda ortiqcha sarson bo‘lishiga barham berildi.

— Bugunga qadar elektron axborot tizimi orqali 161 nafar bolaga nafaqa avtomatik proaktiv usulda belgilanishiga erishildi, — deydi markaz direktori Bahrom Egamberdiyev. — Ushbu takomillashtirilgan axborot tizimining ishga tushirilishi natijasida markazda raqamlashtirish ko‘rsatkichi 50 foizdan 90 foizga yetdi.

Xususan, avvalari 45 ta hisobot shakllari hamda 8 ta ro‘yxatga olish va bemorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar daftarlarda yuritilgan bo‘lsa, hozirda bu jarayon to‘liq avtomatlashtirgan.

Qolaversa, ushbu tizim bemorlarni ro‘yxatga olishdan tortib, ularni dispanser hisobiga kiritish, laborator diagnostika hamda qabul qilayotgan dori vositalari, ularning ombordagi aylanmasi va real vaqt rejimidagi qoldig‘i, uzluksiz ta’minoti kabi barcha jarayonlarni elektron tizim orqali boshqarish va kuzatib borish imkonini beradi.

Tan olish kerak, tizim ishga tushirilgunga qadar ushbu ma’lumotlar qog‘oz shaklida yuritilgani sababli dorilarning aylanmasi va qoldig‘ini real vaqt rejimida bilishning imkoni yo‘q edi. Buning oqibatida bemorlarni dori vositalari bilan ta’minlashda ba’zan uzilishlar kuzatilgan. Hozir esa bunday holatlarga chek qo‘yildi.

Shuningdek, endilikda markazga kelgan bemordan ortiqcha hujjatlar talab etilmaydi, ya’ni unga QR-kod va maxsus elektron kod berilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xizmat ko‘rsatishga o‘tiladi.

Kelgusida ushbu axborot tizimini boshqa tegishli axborot tizimlari bilan integrasiya qilish hisobiga OIV bemorlar harakati bo‘yicha ma’lumotlar aniqligini 100 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Bu — bemor qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar, u doimo nazoratda bo‘lishini ta’minlaydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!